3D-printerda yasalgan antiqa buyumlar

3D-printerda yasalgan antiqa buyumlar

1995 yilda yaratilgan 3D-printerga nisbatan odamlar orasida qimmat va hamma uchun mo‘ljallanmagan dastgoh deb qarash shakllangan. Shunga qaramasdan “Cube” kompaniyasi 3D-printerni nisbatan arzon – 1299 dollar narxda chiqarishga va’da bergan. Keling 3D-printer bilan yaqinroq tanishish uchun qanday narsa-buyumlar yasay olishini ko‘rib chiqamiz.

  1. Marhum hukmdor

Uch yil ilgari 2012 yilning kuzida Lester universiteti arxeologlari qirol Richard III qoldiqlarini topishdi. Qadimgi monarxning skeleti kompyuterda modellashtirildi va 3D-printerda bosib chiqarildi.

  1. Homila

Tirik emas, albatta. Yapon kompaniyasi mutaxassislari rezonansli tomograf vositasida olingan tasvir asosida bo‘lajak odamchaning jajji modelini yasab beradi. Bu xizmat ota-ona bo‘lish arafasida turganlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, narxi 1,5 ming dollarga yaqin turadi.

  1. Tana hujayralari

Umuman olganda, 3D modellashtirish tibbiyotda juda keng qo‘llanilyapti. Ortopedik va stomatologik protezlar haqida eshitganlar ancha-muncha topiladi. Tibbiyot olimlari otni yanada qattiqroq qamchilab, printer bo‘yog‘i o‘rniga tana hujayralaridan foydalanadigan printer yasashdi. Tajriba natijalari hozircha sinov bosqichida, ammo kelajakda shu usul bilan sun’iy a’zolar olinishi ehtimoli katta.

  1. Quloq

Tibbiyot mavzuini davom ettiramiz. Prinston universiteti tadqiqotchilari bioquloq yaratgan bo‘lib, inson qulog‘i seza olmaydigan radioto‘lqinlarni ilg‘ashga qodir. Bioquloq yaratishda buzoq hujayralari, polimer gel va kumush nanozarralari ishlatilgan.

  1. To‘pponcha

3D-printerlarning odamlar uchun eng katta xavotir tug‘diradigan xususiyatiga yetib keldik. 3D-printer keng ommaga taqdim etilgach, odamlar bir qalqib oldi – endi printeri borlar qurol ham yasay oladi! Bu kichik to‘pponcha oltita o‘q otishi bilanoq huquq himoyachilari va patsifist-tinchliksevarlar bu xatarni ko‘tarib chiqishdi. Shu tariqa AQShning bir qator shtatlarida 3D qurolga taqiq qo‘yildi.

  1. Skripka

Faqat korpusining o‘zi 3D-printerdan chiqarilgan, qolgan qismlari plastik, karton va boshqa materiallardan butlangan. Ammo skripka risoladagidek chiqqan, musiqa chalish mumkin.

  1. Kalla suyagi

Shu yilning martida noyob operatsiya amalga oshirildi: jarrohlar inson bosh suyagining 75 foiz qismini printerdan chiqarilgan plastik protezga almashtirishdi. Jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tdi.

  1. Oziq-ovqat

Oziq-ovqatni tez tayyorlash masalasi yaqin yillarda hal bo‘ladiganga o‘xshaydi. Kornel universiteti olimlari 3D oziq-ovqat yaratish ustida qizg‘in ish olib bormoqda. Bo‘yoq mahsuloti sifatida gidrofil polimerlar ishlatiladi. Allaqachon mazali shokolad, ko‘pchigan qaymog‘u pechenelar, olma va pishloq “printer”dan chiqarildi.

  1. Qadimgi Misrliklarga xos soch turmagi

Qadimgi misrliklar jonivorlar yungidan va ipakdan o‘rilgan yasama soch taqib yurganlar. Makgilla universiteti tadqiqotchilari zamonaviy ayollarga Nefertiti yoki Kleopatradek qiyofaga ega bo‘lish imkonini taqdim etish uchun 3D-printerdan bir nechta shunday yasama soch modelini ishlab chiqarishdi.

Sizda biror g‘oya bormi? Balki mamlakatimizdagi noyob haykallarni 3D-printerdan chiqarish taklifini berarsiz. Shunday printer sotib olsangiz, Rishton kulolchilik idishlarini, Toshkent baxmal do‘ppisini, Qashqadaryo tandirkabobi va Buxoro zardo‘zilarini, totli holvalarimizni hamda boshqa osor-atiqalarimizni “nashr etish”ga urinib ko‘ring. Rasmini bizga yo‘llasangiz, albatta, nashr qilamiz.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!