7-avlod Intel chipiga ega Mi Notebook Air MacBook Air’dan 390 dollar arzonga baholandi

7-avlod Intel chipiga ega Mi Notebook Air MacBook Air’dan 390 dollar arzonga baholandi

Xiaomi kompaniyasi 2016 yilda elektronika bozoriga displey diagonali 13,3 va 12,5 dyuym bo‘lgan Mi Notebook Air nomli noutbuk modellarini sotuvga chiqargan edi. Ularning yuqori talqini 6-avlod Intel Core i5 va Core M3 protsessorlari bilan ta’minlangan edi. Kompaniya endi noutbukning yuqori — 13,3 dyuymli modifikatsiyasini Kaby Lake turkumiga kiruvchi samarali, 7-avlod protsessorlarida, shuningdek barmoq izlari skaneri bilan ishlab chiqarmoqda.

Metall korpusli Xiaomi Mi Notebook Air tashqi ko‘rinishidan avvalgi yilgi noutbukdan farq qilmaydi. Biroq, yangi gadjetning tachpad doskachasi ilg‘orlashib, uning chap tomon yuqori qismida barmoq izlari skaneri paydo bo‘lgan. Endi tizimga kirish uchun maxfiy so‘z va parollarni yodlab yurishga hojat qolmadi.

Noutbuk 13,3 dyuymli Full HD (1920×1080 pikselli) sig‘imli ekranga ega. Mi Notebook Air Xiaomi’ning yupqa korpusli noutbuki bo‘lib, korpus qalinligi 14,8 mm bo‘lib, u 1,3 kg tosh bosadi. MacBook Air esa 17 mm.li korpusga ega va 1,35 kg vaznga ega.

Mi Notebook Air maksimal — 3,1 GGs chastota tezligida ishlaydigan 7-avlodga mansub Intel Core i5-7200U protsessori hamda 22 gigabaytli mustaqil tezkor xotirali GeForce GTX 940MX videokartasi bilan tom ma’noda “ashaddiy raqibi” bo‘lgan Apple MacBook Air noutbukiga bas kela oladi. Unga 8 GB tezkor va 128 yoki 256 GB doimiy xotira o‘rnatilgan.

Devaysning akkumulyator sig‘imi 4000 mA soat va bu quvvat unga 7,5-8 soatga yetadi. Korpusda USB-C porti, 2 ta to‘liq o‘lchamli USB 3.0 portlari va HDMI-interfeysi mavjud. Shuningdek, laptopdagi 2 ta AKG brendiga tegishli karnaylar Dolby Audio texnologiyasida ishlaydi va musaffo ovoz taratadi.

Core i5 protsessoriga ega yangi Xiaomi Mi Notebook Air 13.3 keyingi haftada sotuvga chiqariladi. Uning 128 GB xotiraga ega talqini $735, 256 GB talqini $810 dollardan sotuvga chiqariladi. Taqqoslash uchun aytamiz, Core i5 protsessoriga ega 128 gigabaytli MacBook Air $999, 256 GB.lisi $1199 dollardan sotilmoqda.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!