Afsonaning qaytishi: BlackBerry Motion rasman taqdim etildi

  •   DiMaX
  •  1964
  •  09.10.2017 11:06

Afsonaning qaytishi: BlackBerry Motion rasman taqdim etildi

O‘tmishdagi eng ommabop aqlli telefon brendlaridan biri – BlackBerry’ning yangi smartfoni dunyo yuzini ko‘rdi. Bu haqda va gadjetning asosiy xususiyatlari to‘g‘risida PhoneArena nashri xabar bergan.

Aytish kerakki, BlackBerry Motion dizayni mazkur brend ishqibozlari ko‘nikib qolganidan boshqacharoq. Ammo u sig‘imdor akkumulyatori va bir qator yangi dasturiy funksiyalari bilan ularni xursand qilishi aniq.

TCL kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan BlackBerry Motion smartfoni 8 oktyabr kuni Dubayda taqdim etildi. O‘z klaviaturasi bilan tanilgan ushbu afsonaviy brendga mansub klassik aqlli telefonlardan farqli ravishda, Motion «butunlay sensorli» model bo‘ldi. Shuningdek, u BlackBerry telefonlari tarixidagi eng yuqori darajadagi – 4000 mA/soat sig‘imli batareyaga ega.

Bundan tashqari, namoyish etilgan devays BlackBerry’ning IP sertifikatiga ega ilk smartfoni hamdir. IP67 guvohnomasiga ko‘ra, Motion yarim soatgacha vaqt davomida bir metrgacha chuqurlikdagi suv ostida «jon saqlay» oladi. Shuningdek, bu sertifikat telefonning changdan ham muhofaza etilganligini anglatadi.

BlackBerry Motion diagonali 5,5 dyuymga teng ekranga ega, u tirnalishga qarshi Premium Anti-Scratch tizimi bilan muhofazalangan. Displeyning sifati – FHD (1080 x 1920 pikselli).

Taqdimotda yangi smartfonning chipseti haqida biror ma’lumot berilmagan. Ammo avval tarqalgan gap-so‘zlarga qaraganda, unga sakkiz yadroli markaziy protsessor hamda Adreno 506 grafik tezlatgichini o‘z ichiga olgan Snapdragon 625 o‘rnatilgan bo‘lishi kerak.

Gadjetning tezkor xotirasi hajmi 4 gigabaytni tashkil etadi. Quick Charge 3.0 tezkor quvvatlash texnologiyasini qo‘llab-quvvatlashi evaziga, BlackBerry Motion akkumulyatori atigi 40 daqiqa mobaynida 50 foizgacha quvvat yig‘adi. Barmoq izi skaneri «Home» tugmachasiga o‘rnatilgan.

Telefonning korpusini mustahkamlangan alyuminiy rom o‘rab turadi. Orqa panel materiali qo‘lga yumshoq tegadi. BlackBerry Motion’ga Android 7.1 Nougat operatsion tizim talqini o‘rnatilgan, ammo 2018 yiliyoq mazkur model Android 8.0 (Oreo) versiyasigacha yangilash imkoni taqdim etiladi.

BlackBerry brendi telefonlariga Motion modelida yana bir yangilik – Locker funksiyasi kirib keldi. Uning yordamida foydalanuvchilar o‘z fayllari va fotosuratlarini smartfonning PIN-kod yoki barmoq izi bilangina kirish mumkin bo‘lgan ichki xotirasida saqlay oladilar.

Bulardan tashqari, Convenience Key endi tegishli vaziyatlarda to‘rtta profildan birini tanlash imkonini beradi: uyda (Home), avtomobilda (Car), ofisda (Office) va foydalanuvchining o‘z sozlamalari (User).

Ta’kidlanishicha, yangi BlackBerry Motion dastlab cheklangan miqdorda ishlab chiqariladi. Uning savdolari Birlashgan Arab Amirliklarida hamda Saudiya Arabistonida shu oyning o‘zidayoq boshlanadi. Keyin esa bu gadjet boshqa bozorlarga ham taqdim etiladi. BlackBerry Motion narxi 463 AQSh dollari ekvivalentiga tengdir.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!