Amazon Alexa aqlli yordamchisi inson hayotini saqlab qoldi

Amazon Alexa aqlli yordamchisi inson hayotini saqlab qoldi

Bu voqea AQShning Nyu-Meksiko shtatida sodir bo‘ldi. Shu yilning 2 iyulida 28 yoshli Eduardo Barros ismli shaxs mahbubasining messenjeriga kelgan xatdan jazavaga tushib, aqlini yo‘qotadi va rashk ustida qizni kaltaklashga kirishib ketadi.

Urush-janjal orasida quturgan Eduardo qizning boshiga to‘pponchasini tirab, "Politsiyaga qo‘ng‘iroq qildingmi?" deb baqiradi. Uning so‘roviga qiz rad javobini bergan bo‘lsa ham, darg‘azab Eduardoning ovozi xonadagi Amazon Alexa aqlli gadjetini befarq qoldirmadi.

Eduardo Barros

"Politsiya", "qo‘ng‘iroq" degan so‘zlarni eshitgan aqlli gadjet darhol politsiyaga qo‘ng‘iroq qilishi kerakligini anglaydi va 911 raqamiga qo‘ng‘iroq qiladi. Qo‘ng‘iroqni qabul qilgan Berlillio okrugi ofitseri Felisiya Romero qo‘ng‘iroq kelgan tomondan hech kim javob bermagach, deyarli qotillik qurboni bo‘lishi aniq bo‘lib turgan qizning raqamiga qaytib chiqadi.

Eduardo Barros jiringlayotgan qizning smartfonini jahl bilan olganida politsiyaning raqamini tanib qoladi. Alam ustida smartfonni otib, qizni o‘lgudek kaltaklaydi va voqea joyidan g‘oyib bo‘ladi.

Shu orada qo‘ng‘iroqdan shubhalangan politsiyachi jinoyat joyiga yetib keladi va jabrlanuvchini kasalxonaga yetkazadi. Jinoyatchi esa ko‘p o‘tmasdan qo‘lga tushadi.

Amazon Alexa ovozli aqlli yordamchisi 2014 yilda Amazon kompaniyasi tomonidan taqdim qilingan. U foydalanuvchilarni kundalik yumushlar, yangiliklar, ob-havo ma’lumotlari bilan tanishtirib boradi, turli mavzular bo‘yicha ma’lumotlarni taqdim qiladi. Shuningdek, zarur mahallarda qo‘ng‘iroqlarni amalga oshiradi.

Ekspertlarning fikricha, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining insonlar hayoti, jumladan xavfsizlikni ta’minlashdagi o‘rni va ahamiyati oshib bormoqda. Yuqoridagi voqea ham buning yorqin dalilidir.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!