Amazon Yevropada internet orqali avtomobil sotadi

Amazon Yevropada internet orqali avtomobil sotadi

Amazon kompaniyasi Yevropada avtomobil savdosi bilan shug‘ullanmoqchi. Firma jahon o‘rgimchak to‘ri orqali mashina sotishda tajribaga ega, ammo hozir gap to‘laqonli savdo maydonchasi haqida ketyapti, deb yozadi Automotive News.

Amazon 2016 yilda Seat markasi bilan hamkorlikda Fransiyada onlayn tarzda mashina sotib ko‘rgan. Biroq o‘shanda reklama tariqasida 15tagina mashina sotuvga qo‘yilgandi.

Keyinroq Amazon orqali Fiat Chrysler Automobiles (FCA) konserni avtomobillarini sota boshladi. Biroq unda muayyan cheklovlar o‘rnatilgandi: faqat Italiya fuqarolariga mashina sotiladi, ayrim rusumlarnigina sotib olish mumkin.

“Amazon”ning to‘laqonli avtomobil magazini Lyuksemburgda joylashadi. Mashinafurushlik magazinidan birinchi bo‘lib Buyuk Britaniya fuqarolari foydalanishi mumkin. Ammo kompaniya yangi mashina sotadimi yoki minilganini ham savdoga qo‘yadimi – aniqlanganicha yo‘q.

“Amazon”ning muhim tarkibiy loyihalaridan biri mashinalar test-drayvidir. Bu xaridorlarning diqqatini o‘ziga tortadi.

Internet-savdolar qachon boshlanishi ma’lum qilingani yo‘q.