Android asoschisi titan korpusli smartfon taqdim qildi

Android asoschisi titan korpusli smartfon taqdim qildi

Android operatsion tizimining asoschisi bo‘lgan Endi Rubin boshchiligidagi Essential kompaniyasi ilk smartfoni — Essential Phone’ni taqdim qildi. Yangi smartfon romsiz ekrani va magnit yordamida gadjetga birikuvchi qator aksessuarlari bilan o‘ziga xosdir.

Essential Phone ekrani ikki yonida romdan xoli va uning yuqorisidan o‘rin olgan old kamera ham ekran bilan uyg‘unlashib ketgan. Old panel quyisidagi ekran hoshiyasi ham yupqa. Bu esa old panelning dizaynini ochgan. Smartfon korpusi bugungi zamonaviy smartfonlar kabi alyuminiydan emas, titan va keramikadan tayyorlangan.

Essential Phone displeyining diagonali 5,7 dyuym bo‘lib, uning piksellar sig‘imi QHD, ya’ni 2560×1312 pikselli.

Essential Phone uchun ham 2017 yilning mobil flagman protsessori bo‘lgan Qualcomm Snapdragon 835 protsessori tanlangan. Uning operativ xotira sig‘imi 4 GB, doimiy xotirasi esa 128 gigabaytli. Akkumulyatorning elektr toki sig‘imi 3040 mA soat.

Uning bosh foto-moduli uchun 2 ta, har biri 13 megapikselli kameralar o‘rnatilgan. Ulardan biri oq-qora diapazonda suratga olishi bilan o‘ziga xos. Old datchik esa 8 megapikselli. Har ikkala kamera sensorlari har sekundda 30 ta kadrli 4K video tasvirga olishi bilan o‘ziga xos. Orqa paneldan barmoq izlari skaneri o‘rin egallagan.

Telefon apparati simsiz aloqaning Bluetooth 5.0 LE va Wi-Fi: 802.11a/b/g/n/ac MIMO, NFC tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Essential Phone’da 4 ta, jumladan shovqinni pasaytiruvchi mikrofon o‘rnatilgan. Korpusda USB-C porti mavjud.

Smartfon o‘lchamlari: 141,5 × 71,1 × 7,8 mm, vazni — 185 gramm.

Aksessuarlari orasida 360 gradusda tasvirga olishga xizmat qiladigan kamera bo‘lib, u smartfonning yuqori qismiga magnit yordamida birikadi. Smartfon bilan birga xarid qilganda bu optik vosita $50, alohida $199 dollarga baholangan.

Ishlab chiqaruvchi Essential Phone’ni $699 dollarga narxlagan. Smartfonga avvaldan buyurtma qabul qilish boshlangan.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.