"Android'lar shohi" samaradorlikda Apple'ning "shoh asari" bilan kurashdi

Galaxy S9 hozircha Android smartfonlari orasida eng samarali platformaga ega mobil aloqa vositasi bo‘lib turibdi. Samsung'ning so‘nggi smartfoni tezkor ishlashda o‘zidan bir necha oy aval taqdim qilingan iPhone flagmanini mag‘lub qila olmadi.

Samaradorlik bo‘yicha turli benchmarklarda natijalar turlicha. Biroq, bu galgi imtihonda Exynos 9810 yoki Snapdragon 845 chiplariga ega Galaxy S9 ishlashda A11 Bionic chipi bilan "qurollangan" Apple iPhone X hamda iPhone 8 natijalarini yangilay olmadi.

Samsung flagmanlarining imkoniyatlariga xolis baho berish maqsadida Geekbench 4 blogi mutaxassislari Snapdragon 845 chipi o‘rnatilgan Galaxy S9+ modelining samaradorligini o‘rganishdi. Unga ko‘ra smartfon ko‘p yadroli ishlashda 8,295 ball to‘plagan.

Ya’ni, iPhone X’ning natijasidan qariyb 2,000 ball pastroq natija. Biroq, "koreyalik" smartfon samarali ishlashda Huawei Mate 10 Pro, Galaxy Note 8, Pixel 2 XL kabi liderlarni ortda qoldirgan.Bu flagmanlar o‘tgan yili to‘plagan ball 6,200 va 6,800 oralig‘ida bo‘lgan.

Shunday bo‘lsa ham, 3DMark’ning reytingida Galaxy S9+ grafik-tasvirlarni qayta ishlash, ya’ni video karta faoliyati bo‘yicha iPhone flagmanini ortda qoldirgan. Bu imtihonda Galaxy S9+ 5,793 ball to‘plagan bo‘lsa, iPhone’ning natijasi 3,998 ballni tashkil qilgan.

Shu bilan birga, videoni tahrir qilish borasida iPhone X flagmanining qo‘li baland kelgan. Misol uchun, ayfon 2 daqiqalik va 4K sig‘imli videoni 1080p formatiga aylantirishi uchun unga 42 soniya vaqt kerak bo‘lgan. Galaxy S9+ esa bu vazifani uddalashi uchun 2:32 daqiqa kerak bo‘ldi, ya’ni 4 barobar ko‘proq vaqt. Galaxy S8 (4:07), Note 8 (3:03) va Pixel 2 XL (2:55) modellari ham ayfon natijasini takrorlay olishmaydi.

Nihoyat, yana bir masalada, ya’ni ilovalarni tezkor ochishda ham iPhone X yaqqol ustun va Galaxy S9+ modelini ortda qoldiradi.

Misol uchun, o‘yin ilovasini ochish uchun iPhone X flagmaniga 13 sekund, Galaxy S9+ modeliga 20 sekund kerak bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, Galaxy S9+ modeli O‘zbekistonda 7 260 000 so‘mdan, iPhone X flagmani 8 632 000 so‘mdan boshlab sotilmoqda.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!