Android’ni oldingi versiyasiga qaytaramiz

  •   DiMaX
  •  4233
  •  24.01.2017 02:20

Android’ni oldingi versiyasiga qaytaramiz

Smartfonlar operatsion tizimlarining yangilanib borishi yaxshi, albatta, biroq ba’zan eng yakuniy relizlarida ham mayda kamchiliklar yoki muayyan bir qurilmaga tushmay qolishi holatlari uchrab turadi. Shuningdek, ba’zida yangi proshivka smartfon yoki planshet resurslarini ko‘proq talab qiladi, natijada gadjet qotib ishlay boshlaydi.

Bunaqa holatlarda vaziyatni o‘nglashning eng maqbul yo‘li – tizimdagi yangilanishlarni bekor qilish va proshivkani oldingi versiyasiga qaytarishdir.

Diqqat: o‘z Android-qurilmangiz operatsion tizimini yangilashdan oldin hamisha tizimning zaxira nusxasini (rezervnaya kopiya sistemi) saqlab qo‘ying. Zarur bo‘lib qolganida o‘shandan eski versiyani qiyinchiliksiz tiklab olishingiz va ancha vaqtni tejashingiz mumkin bo‘ladi.

Quyida Android’ni oldingi versiyasiga qaytarishning ikkita usulini ko‘rib chiqamiz.

 

Recovery rejimi yordamida

Dastlab, qurilmangizda Recovery rejimiga kirish imkoni mavjudligini tekshirib ko‘ring. Buning uchun uni o‘chirib, qayta yoqish jarayonida ikkita – smartfonni o‘chirib-yoqish hamda ovozini ko‘tarish (yoki pasaytirish) tugmachalarini birdaniga bosib turing.

Eslatma: Turli ishlab chiqaruvchilarda Recovery rejimiga kirish uchun bosiladigan tugmachalar sal farqlanishi mumkin. Agarda qurilma bu rejimga o‘tmasa, u holda Google Play do‘konidan Rom Manager ilovasini yuklab olib o‘rnating. Keyin esa:

  1. Rom Manager ilovasini ochib, Recovery Setup’ni bosing;
  2. So‘ng «Zagruzit rejim Recovery»ni bosing.

  1. Proshivkaning kerakli versiyasini cyanogenmod.org saytidan ko‘chirib olib, USB-kabel orqali uni o‘z Android-qurilmangizga o‘tkazing.
  2. Gadjetni Recovery rejimiga o‘tkazing.

  1. Ochilgan oynada quyidagicha tanlang: wіpe data/factory ryeset/Yyes — Wіpe all usyer data

  1. Oldindan qurilmangizga ko‘chirib qo‘yilgan proshivka faylini Install zip from sdcard/choose zіp from /sdcard buyrug‘i vositasida oching. Proshivkani oching va tasdiqlang: Yyes — іnstall archive.zіp.
  2. Shundan keyin proshivka o‘rnatilgunicha kuting.

 

Kompyuter yordamida

Mazkur usul universal hisoblanmaydi, zero, har bir ishlab chiqaruvchida va har bir smartfon/planshet modeli uchun alohida  dasturiy ta’minoti bo‘lishi mumkin. Shu bois bu yerda ularning hammasi uchun umumiy bo‘lgan tavsiyalarni beramiz:

1. O‘z smartfoningiz yoki planshetingiz uchun chiqarilgan maxsus dasturiy ta’minotni topib, kompyuteringizga o‘rnating. Ba’zan zaruriy drayverlarni ishlab chiqaruvchining rasmiy saytidan ko‘chirib olishga to‘g‘ri kelishi mumkin.

2. O‘zingizga kerakli Android versiyasini cyanogenmod.org saytidan ko‘chirib oling.

3. Qurilmangizni kompyuterga ulang va dasturiy ta’minotni oching. Keyin esa uning ko‘rsatmalari asosida harakat qilib, proshivkani o‘rnatishingiz mumkin.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!