Android uchun diktofon tanlaymiz

  •   DiMaX
  •  7341
  •  27.05.2017 14:23

Android uchun diktofon tanlaymiz

Android tizimli qurilmalar uchun Google Play ilovalar do‘konida diktofon-ilovalar ko‘p, ammo sifatlilari kam. Hi-Tech Mail.Ru shular orasidan saralab, eng yaxshi beshtasining qisqa tavsiflarini taqdim etgan. Marhamat, eng yaxshi diktofonlar bilan tanishing.

1. «Oddiy diktofon»

Agarda ovoz yozish uchun samarali ishlovchi dastur izlayotgan bo‘lsangiz-u, Android tizimining o‘zidagi – shtatdagi ilova qoniqtirmayotgan bo‘lsa, u holda sizga «Oddiy diktofon»ni tavsiya etamiz.

Mazkur dasturda ovozning yozilishi yuqori sifatda – PCM va AAC formatida ham, shuningdek, joyni tejash maqsadida AMR’dan foydalangan holda ham amalga oshiriladi. Ovozli yozuvlarni qayta nomlash va o‘chirib yuborishdan tashqari, rington sifatida saqlash, pochta orqali jo‘natish va boshqa amallarni bajarish ham mumkin.

Xullasi kalom, «Oddiy diktofon» – shaxsiy qaydlarni, uchrashuvlar va darslarni yozib olish uchun qulay vosita!

Afzalliklari:

  • Ulashish imkoniyatlari
  • Interfeys rasmiylashtirish mavzulari
  • Oddiy tahrirlash
  • Yozuvni ringtonga o‘rnatish
  • PCM, AAC va AMR formatlari

«Oddiy diktofon» ilovasini mana bu havola orqali ko‘chirib olishingiz mumkin.

2. Audio Recorder

Bu ilova – Sony Mobile tomonidan Android uchun taqdim etilgan diktofon! Audio Recorder smartfon yoki planshetda ovozni oson yozib oladi va ijro etadi. Intuitiv tushunarli interfeys esa audioni muammosiz to‘xtatish va tahrirlash imkonini beradi. Shuningdek, ovoz yozish sozlamalarini ham osongina tushunib olish mumkin.

Agarda smartfoningiz Sony Xperia bo‘lsa, u holda hatto ajoyib sifatda ovoz yozish uchun Stereo Microphone STM10 gadjetini ulashingiz ham mumkin. Biroq Audio Recorder ilovasi nafaqat Sony mahsulotlariga, balki Android tizimidagi boshqa ishlab chiqaruvchilarning qurilmalariga ham bemalol tushadi.

Afzalliklari:

  • Gadjetlarni qo‘llab-quvvatlash
  • Chiroyli dizayn
  • Yozuv sifatini tanlash
  • Mono va stereo tarzida yozish

Audio Recorder’ni ushbu havola yordamida smartfon yoki planshetingizga o‘rnatishingiz mumkin.

3. «Diktofon»

Keng funksionalga ega, o‘zi esa «lo‘ndagina» ilova. Ovoz yozish sozlamalarining barchasini qo‘lda bajarish imkoniyati bor – yozuvning chastota diapazoni, formati va bitreytini o‘zingiz sozlaysiz. Android uchun «Diktofon» ovozlarni 4 xil formatda saqlay biladi: PCM (wav), AAC (m4a), AMR (3gp) va MP3.

Tayyor audioyozuvlarni ijtimoiy tarmoqlarda ulashish yoki shaxsiy saqlagichga jo‘natish mumkin. Ovozning davomiyligi – vaqt bo‘yicha uzunligi esa faqatgina xotiradagi bo‘sh joyga bog‘liq – qancha sig‘sa yozuvni shuncha uzoq davom ettirish mumkin. Dasturning sozlamalarida esa, qo‘ng‘iroq kelgan payti ovozni to‘xtatib turish funksiyasi bilan birga, yozuvni davom ettiradigan bo‘lsangiz ovoz manbaini (mikrofon yoki telefon qo‘ng‘irog‘i) tanlash imkoniyati ham bor.

Afzalliklari:

  • Diskretizatsiya chastotasini sozlash
  • Bitreytni o‘zgartirish
  • Mono va stereo tarzida yozish
  • Yozuvlarning saralanishini sozlash
  • PCM, AAC, AMR va MP3 formatlari

«Diktofon» ilovasini Google Play’dan mana bu havola yordamida ko‘chirib olasiz.

4. Smart Voice Recorder

Smart Voice Recorder – o‘ta darajada qulay Android-diktofon, unda ovozni yuqori sifatda yozish bilan birga, oradagi jimlik soniyalarini qirqib tashlash ham mumkin. Masalan, xurrak va bosinqirashlarni yozib olish uchun tunda bu ilovani yoqib qo‘ysa bo‘ladi; ish bo‘yicha yig‘ilishlar, leksiyalarni yozib olishda juda qo‘l keladi.

Ovozning kodlanishi 8-44 kGs diapazonidagi diskretizatsiya chastotasi bilan, wave/pcm formatida amalga oshiriladi; bu esa mobil diktofon uchun keragidan ham ortiqroq hisoblanadi. Bundan tashqari, Smart Voice Recorder yozuvning davom ettirilishi uchun qancha vaqt qolganini ham aks ettirib turishi juda qulay. Yozuvning qancha davom etishi esa faqatgina qurilmangizdagi bo‘sh joyga bog‘liq – xotirasida joy qancha ko‘p bo‘lsa, ovoz yozishni shuncha uzoq davom ettirish mumkin.

Tayyor bo‘lgan audioyozuvni elektron pochtadan yuborish, DropBox’ga yuklash yoki ijtimoiy tarmoqlarda ulashish imkoni mavjud.

Afzalliklari:

  • Sezgirlik nazorati
  • Ovozni tahlil etish
  • Fon rejimida yozish
  • Yozuvlarning joylanishini tanlash
  • Qulaylik va ko‘pfunksiyalilik

Google Play’dan qurilmangizga Smart Voice Recorder dasturini olib o‘rnatish uchun mana bu havoladan foydalanasiz.

5. SnipBack

Android-gadjetlar uchun chiqarilgan diktofonlar orasida SnipBack nisbatan yangi, ammo zo‘r ilova hisoblanadi. U ovozni yozayotgan paytning o‘zida keraksiz ma’lumotlarning hajmini sezilarli darajada qisqartirish imkonini beradi. Uning sozlamalarida uch xil ovoz yozish intervalini ko‘rsatish mumkin.

SnipBack’ni yoqqaningizda, smartfoningiz eshitish rejimiga o‘tadi, biroq nutq qismlarini amalda yozib olish faqatgina siz belgilangan uchta interval tugmachasidan bittasini bosgachgina amalga oshadi.

Masalan, agarda o‘n daqiqalik so‘zlashuv davomida suhbatdoshingiz sizni qiziqtiruvchi mavzuda faqatgina o‘sha 10 daqiqa ichidagi oxirgi 2 daqiqada gapirgan. Siz faqat shu ikki daqiqani yozib olishga buyruq berishingiz mumkin, undan oldingi sakkiz daqiqa ovozlari esa yozilmaydi.

Yozish tugallanganidan so‘ng SnipBack sizdan, yozuvning hammasini bitta faylga saqlab qo‘yasizmi, yoki faqatgina belgilangan qismlarnimi, deb so‘raydi – bu esa juda yaxshi qulaylik!

Afzalliklari:

  • Sodda interfeys
  • Fondagi shovqinlarni filtrlash
  • Yozuv sifatini tanlash
  • Yozuvlarni qulay saralash

Samrtfoningizga SnipBack ilovasini ushbu havola orqali o‘rnatib olishingiz mumkin.