Android uchun iyun oyidagi eng yaxshi ilovalar

  •   DiMaX
  •  3275
  •  05.07.2017 14:16

Android uchun iyun oyidagi eng yaxshi ilovalar

O‘tgan oyda ushbu operatsion tizimda ishlovchi qurilmalar uchun ko‘plab yangi ilovalar ishlab chiqildi, yana mavjudlari yangilanib, yanada ommaviylik kasb etdi. Ular orasidan eng yaxshi dasturlar ro‘yxatini qisqacha tavsiflari bilan e’tiboringizga havola etmoqdamiz.

1. Gboard

Google kompaniyasining bu klaviaturasi har bir yangilanishda tobora «aqllilashib» bormoqda. Gboard’ning yangi versiyasi sizning eskizlaringiz bo‘yicha emotikonlar tanlashni ham o‘rganib olgan. Shunchaki, klaviatura ustida kerakli belgini chizasiz, shu zahotiyoq Gboard’ning aqlli algoritmi unga o‘xshash emotikonni tanlab, chiqarib beradi.

Uni mana bu havola orqali qurilmangizga ko‘chirib olib o‘rnatishingiz mumkin.

2. Brightness Tweak

Ushbu kichkina utilita tungi mutolaa ishqibozlariga juda qo‘l keladi. Uning yordamida ekran yorqinligini hatto telefoningiz ishlab chiqaruvchisi belgilaganidan ham pastroq qilib sozlash imkoni mavjud.

Brightness Tweak ilovasi Arbusk nikli dasturchi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, uning XDA forumidagi sahifasidan mana bu havola orqali yuklab olish mumkin.

3. Face Swap

Face Swap ilovasi – Microsoft’ning tajribaviy ishlanmalar bilan shug‘ullanuvchi bo‘limining navbatdagi mahsulotidir. U fotosuratdan kishining yuzini ajratib olish va keyin uni istalgan bir boshqa rasmga joylash qobiliyatiga ega. Mazkur dastur qo‘llaydigan algoritmlar tufayli, «qirqib» olingan yuzning ranglari va joylashuvi boshqa rasmdagi boshga ajoyib tarzda moslashadi.

Uni mana bu yerdan ko‘chirib olib o‘rnatish imkoni bor.

4. Nimses

Nimses hali yaqindagina ishga tushirilgan, ammo u allaqachon joriy yilning eng jarangdor loyihasi nomiga munosib bo‘lgan. Bu – yangi turdagi ijtimoiy tarmoq bo‘lib, unda har bir daqiqa uchun virtual hisobingizga virtual valyuta – nim tushib boradi. Nimses’da har bir harakat uchun nim valyutasida pul to‘lashingiz kerak, sizning postlaringizga bildirilgan munosabatlar uchun esa sizning hisobingizga nim tushib boradi.

Ushbu ilovani Google Play’dan mana bu havola yordamida yuklab olish mumkin.

5. Fidget Spinner

Spinner – qo‘lda aylantirib o‘ynaladigan o‘yinchoqlar keyingi paytlarda dunyo bo‘ylab ommalashib ketdi. Uning turli shakl va ko‘rinishdagi namunalariga kishilar ko‘plab buyurtmalar berishmoqda. Agar siz ham sinab ko‘rishni istasangiz, ammo haqiqiysi bo‘lmasa, virtual spinner o‘ynash imkoni ham bor – Fidget Spinner ilovasi aynan shuning uchun ishlab chiqilgan.

Unda virtual spinnerni 5 martagacha aylantirishingiz mumkin, bunda uning imkon qadar ko‘p aylanishiga erishmog‘ingiz kerak bo‘ladi. Bu dasturni mana bu yerdan yuklab olib o‘rnatsangiz bo‘ladi.

6. Key Mapper

Odatda smartfonning moddiy tugmachalari uchta amalni bajarishga mo‘ljallangan: orqaga – oldingi bosqichga qaytish, ish stoliga o‘tish va ochilgan ilovalar ro‘yxatini ko‘rish. Key Mapper ilovasi esa ushbu tugmachalarga qo‘shimcha tarzda uzoq muddatli yoki ikki martalab bosishlarni ham anglash qobiliyatini baxsh etadi. Mazkur harakatlardan har biriga siz o‘zingizga kerakli funksiyalarni belgilab qo‘yishingiz mumkin bo‘ladi.

Key Mapper’ni ushbu havola yordamida Google Play’dan ko‘chirib olish imkoni bor.

7. Adobe Scan

Adobe kompaniyasining yangi ilovasi smartfoningizni ixcham skanerga aylantiradi. Adobe Scan siz suratga olgan har qanday matnli rasmni qayta ishlay oladi. Shuningdek, qurilmangiz xotirasidagi tayyor rasmlarni ham o‘qiy biladi. Bu dastur suratlardagi matnlarni o‘qib olib, matn tarzida – PDF formatida Adobe Cloud’da saqlaydi.

Mazkur ilovani ko‘chirib olish uchun ushbu havola orqali o‘tasiz.

8. Nova Launcher

Ko‘pchilik foydalanuvchilar allaqachon Google Now intellektual yordamchisiga ko‘nikib ulgurishdi. Ammo uning katta bir nuqsoni bor – faqatgina  Google’ning firmaviy launcheri tarkibida ishlaydi. Android launcherining o‘rniga taklif etiladigan eng yaxshi muqobil – Nova Launcher ishlab chiquvchilari mazkur cheklovni aylanib o‘tish yo‘lini topishgan. Mazkur ilovani o‘rnatib olsangiz, Google Now intellektual yordamchisi uning qobig‘ida ham to‘laqonli ishlaydi.

Nova Launcher dasturini mana bu yerdan olib o‘rnatish mumkin.

9. Telegram

Mazkur messenjer o‘z foydalanuvchilarining muloqotlaridagi maxfiylikni yuqori darajada ta’minlashi bilan mashhur. Garchi Rossiyada uni bloklash ehtimoli yuzaga kelgan, raqobatchilari zo‘r berib undan o‘zib ketishga harakat qilayotgan bo‘lsa-da, baribir Telegram eng yaxshi ilovalar qatorida turibdi.

Google Play’dan bu ilovani mana bu havola yordamida yuklab olish imkoni mavjud.

10. Rootless Pixel Launcher

Pixel Launcher – maxsus qobiq bo‘lib, faqat Google Pixel smartfonlaridagina amal qiladi. AmirZ nikli dasturchi esa bu ilovani boshqa qurilmalarda ham ishlaydigan qilib qayta ishlagan. Natijada Google ishlab chiqqan dasturning nusxasi – Android tizimli har qanday smartfonda ishlaydigan Rootless Pixel Launcher ilovasi yuzaga kelgan.

Uni mana bu havola orqali qurilmangizga o‘rnatib olsangiz bo‘ladi.    

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!