Android va iOS’da ovozli matn terishni taqqoslaymiz

  •   DiMaX
  •  2293
  •  28.03.2017 12:41

Android va iOS’da ovozli matn terishni taqqoslaymiz

Smartfonlar shu darajada aqllilashib ulgurdiki, endi ular ovozli buyruqlarimizni ham anglab, biz aytgan kerakli vazifalarni bajarishyapti. Klaviaturalarning ko‘pchiligida allaqachondan beri ovozli matn terish funksiyasi mavjud. Xo‘sh, amalda-chi, ularning ishlashi qay darajada?

Bugun shu funksiya imkoniyatlari ikkita yetakchi va azaliy raqib – iOS va Android mobil operatsion tizimlarida qanday yo‘lga qo‘yilganligini ko‘rib chiqamiz.

APPLE’DAGI OVOZLI MATN TERISh

Sozlash

iPhone, iPad va iPod’da sizni tinglaydigan asosiy ilova Siri hisoblanadi. Bevosita klaviatura uchun uning yordamchisi – «Diktovka» amal qiladi. Uni ishga tushirish uchun qurilma sozlamalari – «Nastroyki»ga kirib, asosiylari – «Osnovnie»ni tanlaymiz. Keyin «Klaviaturi» menyusini ochamiz, sahifaning oxirigacha tushib, «Vklyuchit diktovku» opsiyasini yoqib qo‘yamiz.

Shundan keyin klaviaturada mikrofon belgichasi paydo bo‘ladi:

Nutqni anglash sifati

Apple gadjetlari bilan «gaplash»ayotganingizda, baland ovozda gapirishingiz shart emas. Ammo qurilmani og‘zingizga yaqinroq tutishga harakat qiling, ayniqsa, atrofda boshqa tovushlar ham bor payti. E’tibor bering: nutqni anglash sifati devaysning shu lahzadagi joylashuv holatiga bevosita bog‘liq. iPhone’da ikkita mikrofon mavjud bo‘lib, ikkalovi ham pastda joylashgan, iPad’da esa bittagina – yuqori yon tomonida. Shunday ekan, iPad’da mikrofonga gapirish uchun mahorat ham kerak bo‘ladi, zero, mikrofonga gapirayotgan paytingiz ekranga ham qarab tura olmaysiz-da.

iPhone shovqinli bino ichida yoki ko‘chada payti nutqni iPad’dan ko‘ra yaxshiroq anglab oladi, chunki unda shovqinni kamaytirish uchun qo‘shimcha mikrofon mavjud. Shuningdek, garnituralarni qo‘llaganda barcha Apple qurilmalarida ham nutqni tanish sifati ancha yuqori bo‘ladi.

To‘g‘ri, Apple gadjetlarida baribir nutqni anglash sifati – bahsli mavzu. Lekin «Diktovka» keng ko‘lamdagi ovozli buyruqlar to‘plamini taqdim etadi. Masalan, «Zapyataya» desangiz – vergul qo‘yadi. Rus tilidagi barcha tinish belgilari uchun shunaqa ovozli buyruqlar mavjud. Agar «S novoy stroki» desangiz, keyingi aytiladigan matn yangi qatordan yozila boshlaydi. Xuddi shunday, yangi paragrafdan matn tera boshlash ham mumkin. Norasmiy suhbatda esa matn oxiriga smaylik qo‘yish ham mumkin: buning uchun «Smaylik», g‘amgin smaylik uchun esa «Grustniy smaylik» yoki kulayotgani uchun – «Smeyuщiysya smaylik» deyishingiz yetarli.

Agarda so‘zni bosh harf bilan boshlash kerak bo‘lsa, «S zaglavnoy bukvi» desangiz bas – o‘zi tushunib oladi. Bu opsiya, ayniqsa, matnda biror muassasa yoki asar nomini ko‘rsatishda foyda beradi. Biroq ko‘pchilik nomlar tizimga avvaldan tanish, masalan, shunchaki «Manchester Yunayted» desangiz, «Diktovka» uning futbol klubi nomi ekanini o‘zi biladi va aytmasangiz ham bosh harf bilan yozadi.

Tabiiyki, ayrim so‘zlarning tagi ko‘k rangli uzuq chiziq bilan chizilganini payqagandirsiz. Gap shundaki, nutqni anglash tizimi ham o‘zining juda bilimdon emasligini biladi. U shunaqa tagini chizib qo‘ygan so‘zlarga o‘zingiz qaytib, tekshirib ko‘rishingizni istaydi. Agar o‘sha so‘zning ustiga bossangiz, tizim uning ehtimoliy variantlarini taklif etadi, «balki mana bunaqa demoqchi bo‘lgandirsiz, men yaxshi eshitmay qolgandirman…» degandek.

Xatolar ko‘pligi g‘ashga tegishi mumkin, lekin, masalan, eslatmalar o‘rnatish yoki xabar yuborish uchun Siri ishlatsangiz, bu unchalik qo‘rqinchli emas. Shuningdek, tizim kontaktlarni ham tanishini ta’kidlab o‘tish o‘rinli: oddiy ism-familiyalarni ham, murakkabroqlarini ham anglaydi. Bu esa vaqtingiz tig‘iz payti juda asqotadi.

«Diktovka» ayrim xorijiy so‘zlarni ham tanimay qoladi. Masalan, quyidagi misolda «PlayStation»ni u muammosiz anglagan, lekin «Doom» va «Uncharted» so‘zlarini tushunmagan.

Yaxshilanib boradimi?

Boshlang‘ich bosqichda Siri nutqni anglashda juda ko‘p xatolarni o‘tkazib yuborayotgan bo‘lsa, unga qo‘l siltab qo‘ymang. Uning algoritmi sizning so‘zlash ohangingizni eslab qolib, siz kiritayotgan to‘g‘rilashlarni inobatga olib, nutqingizni tobora to‘g‘ri anglay boradi. Bu ancha vaqtni tejashga yordam beradi; axir, ovozli matn kiritishning asosiy vazifasi ham shu-ku.

GOOGLE’DAGI OVOZLI MATN TERISh

Sozlash

Android’ning so‘nggi versiyalaridagi Google ovozli matn terish xizmati «Assistent» ilovasi tarkibiga kiritilgan va uni ko‘plab dasturlar ichida qo‘llash mumkin. Bundan tashqari, tashqi klaviatura ilovalarining ham aksariyatida ovozli matn terish opsiyasi mavjud, ular ham bunda ko‘pincha Google’ning tizim imkoniyatlaridan foydalanishadi.

«Assistent» yoki Google Now’da ovozli qidiruvni sozlash uchun sozlamalar – «Nastroyki»ni ochib, ovozli qidiruv sozlamalari, ya’ni «Golosovoy poisk» bo‘limiga o‘tish lozim. Shu yerda siz «O’key, Google» kalit so‘zining anglanishini hamda ovozli boshqaruvning boshqa parametrlarini sozlashingiz mumkin.

Ovozli matn kiritish funksiyasini chaqirish uchun klaviaturadagi mikrofon tugmachasiga biroz muddat bosib turish kerak bo‘ladi. Shunda ovozli matn kiritish interfeysi ochiladi va unga aytib turib yozdira boshlashingiz mumkin.

Nutqni anglash sifati

Ko‘cha-ko‘yda uzun matnli xabarlarni qo‘lda harf terib yozish mushkul. Android-smartfonlarda ovozli matn terishdan foydalansa bo‘ladi, lekin u ham mukammal emas. Baribir buni yaxshilash imkoni bor: Google’da ham, xuddi Apple’dagi kabi, tinish belgilarini ovoz orqali qo‘yish funksiyasi mavjud. Ovozli matn terishda telegramma uslubida gapirgan ma’qulroq – aniq, qisqa va tinish belgilari bor joyda tunuffuslar bilan. Baribir unda, masalan, «Zayka, kupi, pojaluysta, morojenku i vkusnyashek na vecher» degan gapni aytib turib to‘g‘ri yozdirib bo‘lmaydi. Lekin «Kupi morojenoye i sladkoye na vecher», desangiz bo‘ladi. Agarda qurilmangiz mikrofoni yaxshi bo‘lsa, boshqa shovqinlar sizning nutqingizni bosib ketmaydi. Asosiysi – telefoningiz sizni «eshitsin».

Google yaxshi tanimagan so‘zlar tagida kul rang chiziq bilan ajratib ko‘rsatiladi. Uning ustiga bossangiz, uni tahrirlash uchun ehtimoliy variantlar lug‘atchasi ochiladi. Siz kiritishlarni qanchalik tez-tez tahrirlab borsangiz, vaqt o‘tishi bilan u shunchalik aniq ishlaydigan bo‘lib boradi.

Ovozli yordamchi bilan muloqotda Google yaxshi ishlaydi. Ko‘chada yoki uyda ovoz yordamida Google’ga turlicha topshiriqlar berib borish mumkin: eslatmalar va qaydlardan tortib, uyg‘otgichni sozlashgacha. Bu juda qulay va deyarli ideal darajada amal qiladi. Faqat bitta muammo bor: agarda telefon stol ustida yotgan bo‘lsa va ovozni anglash jarayonida ish stoli gorizontal («portretniy» emas, balki «albomniy») holatda turgan bo‘lsa, nutqni anglab bo‘lganidan so‘ng Google undan nimani so‘raganingizni esdan chiqaradi va shunchaki ekranni o‘chirib qo‘yaqoladi. Telefon odatda yassi yuzada yotadi va uning ish stoli qay holatda ekanini qaramasdan turib aniqlash mushkul.

Yaxshilanib boradimi?

Albatta! «Assistent» bilan ishlashingiz jarayonida, u muntazam tarzda yaxshi tomonga o‘zgarib boradi. Google o‘zining barcha ilovalariga, jumladan, ovozli qidiruv tizimiga ham neyrotarmoqlarni faol tarzda joriy etib kelmoqda.

Afsuski, bu yangiliklar rus tiliga kechikibroq kirib keladi, o‘zbek tiliga esa – ancha kech. Shunday bo‘lsa-da, barchasi yaxshilanib boradi va kelajakda ovozli yordamchilar bilan ishlashning qulayliklaridan foydalansak bo‘ladi.