Android yaratuvchisi 30 may kuni qandaydir bir katta taqdimot qilmoqchi

  •   DiMaX
  •  1419
  •  26.05.2017 14:56

Android yaratuvchisi 30 may kuni qandaydir bir katta taqdimot qilmoqchi

Android operatsion tizimi yaratuvchisi Endi Rubin hozirda Google kompaniyasida ishlamaydi. U o‘zi asos solgan, romsiz smartfon ustida ish olib boruvchi Essential startapida faoliyat yuritmoqda. Bu qurilma qachon taqdim etilishi noma’lum, ammo Essential va Endi Rubin shu yilning 30 may sanasida Code Conference konferensiyasida qandaydir bir ulkan taqdimotni o‘tkazmoqchi. Ko‘pchilik buni ayni o‘sha Essential’ning smartfoni bo‘ladi, deya baholamoqda.

Shu yilning mart oyida Endi Rubin o‘z smartfonini, aniqrog‘i – uning bir qismi suratini Twitter’da tarqatgandi. Bu tasvirdan anglash mumkin bo‘lgani – smartfonning displeyi atrofida umuman rom yo‘q. Tabiiyki, u Android tizimida ishlaydi, yana gap-so‘zlarga ko‘ra, smartfon diagonali 5,5 dyuymli displey bilan jihozlanadi.

Aprelda esa Essential kompaniyasining smartfoni teya taxmin etilayotgan qurilma sintetik testda namoyon bo‘lgan, unga ko‘ra, devays Foxconn fabrikasida yig‘ilgan. Bu devays Snapdragon 835 protsessorida, 4 gigabaytlik tezkor xotirada ishlaydi. Bloomberg nashrining taxminicha, smartfon turli aksessuarlarni ulash uchun magnitli konnektor bilan ta’minlangan bo‘ladi.

Shuningdek, internetda bu smartfonning silueti ham tarqatilgan:

Tarixga nazar: Android operatsion tizimi Endi Rubin tomonidan 2000-yillarning boshlarida yaratilgan. Dastur ilk bosqichda raqamli kameralarga mo‘ljallangan. Ammo Rubin ushbu fikrdan qaytib, platformani telefonlarga moslagan. 2005 yilda loyihani AQShning Google kompaniyasi sotib oladi.

Biroq Google ushbu loyihani rivojlantirish taklif etilgan yagona korporatsiya emas. 2004 yilda Endi Rubin o‘zining yangi dasturiga moliyaviy manba topish maqsadida Janubiy Koreyaga, Samsung shtab-kvartirasiga yo‘l oladi. Lekin kompaniya mas’ullari uning taklifiga sovuqqonlik bilan yondashadi va yangi operatsion tizimning kelajagiga shubha bilan qaraydi. Natijada Rubin Koreyadan quruq qo‘l bilan qaytadi. Biroq aynan Rubin va uning jamoasi oxir-oqibatda smartfonlar sanoatini butunlay o‘zgartirib yuboradi.

Koreyadan qaytgach Rubin Google asoschilaridan bo‘lgan Larri Peydj bilan uchrashadi va kompaniya dasturni moliyalashtirishga rozi bo‘ladi. Bir muddat o‘tgandan keyin Google startapni 50 mln AQSh dollari evaziga sotib oladi va dasturni yaratgan 8 kishilik jamoani o‘z safiga qabul qiladi.

Nima bo‘lganda ham, Android muallifining birinchi smartfoni qanday bo‘lishini yaqin orada bilib olamiz, bizdan uzoqlashmang!