AndroidBozor.uz – TAS-IX’dagi birinchi professional ilovalar do‘koni!

  •   DiMaX
  •  5250
  •  03.03.2017 15:11

AndroidBozor.uz – TAS-IX’dagi birinchi professional ilovalar do‘koni!

TAS-IX hududidagi ushbu ilovalar do‘konida endi pulli ilovalarni joylashtirishingiz va xarid qilishingiz mumkin! Gap nima haqida ketayotganligini bilmoqchimisiz, marhamat – quyidagi yangilik bilan tanishib chiqing.

Android smartfon va planshetlar uchun ilovalarni, odatda, Google Play market’dan yoki qurilmamiz ishlab chiqaruvchisi tashkil etgan shu kabi boshqa ilovalar do‘konidan olib o‘rnatamiz. Ammo ba’zida buning noqulayliklari ham bo‘ladi: internet tezligining pastligi sababli sekin ko‘chirilishi, pulli (yoki limitli) tashqi trafikdan megabayt sarflanishi, pulli ilovalarni xarid qilishda to‘lov usulining murakkabligi va hokazo.

Yurtimizdagi foydalanuvchilar uchun shu kabi qiyinchiliklarni bartaraf etish maqsadida «Smart Soft Development» mas’uliyati cheklangan jamiyati Android qurilmalar uchun ilovalarning milliy do‘konini tashkil etgan.

AndroidBozor.uz ilovalar marketi loyihasining maqsadi O‘zbekistonda ilovalar elektron bozorini yaratish va mahalliy dasturchilar uchun o‘z mahsulotlarini tarqatish, sotish infratuzilmasini rivojlantirishdan iborat. Mazkur loyiha 2015 yili o‘z ishini boshlagan bo‘lib, shu kungacha ko‘plab mobil dasturlarni milliy bozorda taqdim etib kelayotir. 2017 mart oyidan boshlab esa bozorda pulli ilovalar sotish va sotib olish uchun mexanizmlar ishlab chiqildi.

Foydalanuvchi hisobini to‘ldirish

Mazkur marketdan ilovalar olib o‘rnatish uchun, avvalo qurilmangizga uning mobil ilovasini ko‘chirib olib o‘rnatishingiz lozim bo‘ladi. So‘ng unda ro‘yxatdan o‘tib, turli dasturlarni ko‘chirib olish imkoniyatiga ega bo‘lasiz.

Mazkur market interfeysi uch tilda: o‘zbekcha, ruscha va inglizchada taqdim etilgan. AndroidBozor’da ilovalar bir nechta toifalarga ajratilgan holda joylangan, bosh sahifada esa tavsiya etilgan, yangi va ommabop dasturlar ro‘yxati alohida-alohida holda chiqib turadi.

AndroidBozor’ning boshqa chet marketlardan asosiy afzalliklari va imkoniyatlari quyidagilardan iborat:

– TAS-IX hududida joylashganligi uchun ilovalarni yuklab olish tezligi;

– Android qurilmalar uchun mobil ilovasi mavjudligi;

– dasturchilar qulay «dashboard» orqali o‘z dasturlarini bozorga chiqara olishlari;

– dasturchilar o‘zlarining ommabop va foydali ilovalarini hamda ilovalarda pulli kontentlarni (In-app Purchases) sotish imkoniyati;

– foydalanuvchilar esa milliy to‘lov tizimlari yordamida o‘z hisoblarini to‘ldirishlari va bu orqali pulli kontentlarni sotib olish imkoniyati.

Ayni damda pulli ilovalar sifatida Ruscha-O‘zbekcha lug‘at hamda TV Gid dasturlarini sinab ko‘rishingiz mumkin. Ruscha-O‘zbekcha lug‘at haqida avval batafsil to‘xtalib o‘tgan edik, kelgusi yangiliklarda mahalliy dasturchilarimiz tomonidan yaratilgan TV Gid ilovasi haqida ham ma’lumotlar keltiramiz.

Dasturchi «dashboard»i

Endi «Otang – bozor, onang – bozor» maqoli ham hozirgi zamon, ya’ni elektron tijorat davrida yangicha talqin etilib, bu yosh loyihaning shioriga aylangan: «Otang – bozor, onang – bozor, eng yaxshisi – AndroidBozor». Shundan kelib chiqib, dasturchilar ham mazkur loyiha imkoniyatlaridan samarali foydalangan holda o‘zlarining ilovalari orqali qo‘shimcha daromad topishlari mumkin. Zero, dasturiy ta’minot ishlab chiquvchilar yaxshi bilishadiki, O‘zbekiston hududidagi ishlab chiquvchi Google Play market’ga o‘zining pulli ilovasini joylay olmaydi. AndroidBozor esa dasturchilarimizga shu imkoniyatni taqdim etadi: ular bu marketga o‘zlarining mahsuloti bo‘lgan pulli ilovalarni ham joylay olishadi. Tag‘in, pulli yoki bepul bo‘lishidan qat’i nazar, AndroidBozor’ga har qanday ilovani joylash mutlaqo bepul! Ha, hozircha bu boshlanishi, sinab ko‘rishga arziydi!

Hozirda AndroidBozor loyihasi jamoasi ushbu bozorni yanada rivojlantirish uchun dasturchilarga qulay va zarur bo‘lgan dasturiy kutubxonalar (software libraries)ni mukammallashtirish, obunaviy xaridlar (subscription) mexanizmini yaratish va asosiysi – xorijiy bozorlar bilan hamkorlikda dunyoga mashxur Android ilovalar va o‘yinlarni milliy valyuta – so‘mda sotib olish imkoniyatlarini ishlab chiqish bilan shug‘ullanmoqda.

Ishonamizki, AndroidBozor loyihasi rivojlanishda davom etib, yurtimizdagi foydalanuvchilar hamda dasturchilar uchun muhim va foydali ilovalar do‘koniga aylanadi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!