Apple arzon iPhone X chiqarmoqchi

  •   DiMaX
  •  1533
  •  20.10.2017 17:12

Apple arzon iPhone X chiqarmoqchi

Xitoyda yetakchi smartfon brendlari – Huawei, Oppo, Vivo hamda Xiaomi hisoblanadi. Apple esa u yerda atigi beshinchi o‘rinni egallay olgan, ammo bu ko‘rsatkichdan qoniqmayapti. Shu bois ham kupertinolik gigant «Osmon osti saltanati»da o‘z mavqeyini oshirish maqsadida iPhone X fuksiyalariga ega bo‘lgan yangi qurilmalarini ishlab chiqarmoqchi, deb yozadi GizmoChina nashri.

Arzon iPhone ham qimmat turadi

Ma’lumotlarga qaraganda, iPhone SE modelining romsiz varianti bo‘ladigan bu smartfonlar keyingi yiliyoq sotuvga chiqariladi. Apple’ning yetkazib beruvchilari tizimidagi bir manba uning ikkita yangi modeldagi smartfoni tayyorlanayotganini aytgan.

Yaponiyaning Macotakara texnik blogining taxminicha, kupertinolikning arzonlashtirilgan romsiz ayfoni ham iPhone X’dan atigi 90 dollarga arzon, ya’ni 909 AQSh dollari narxida bo‘ladi. Hozir iPhone 8 qurilmasi ham taxminan shu narx atrofida taklif etilmoqda.

Nimalari bo‘ladi?

Keyingi kunlarda «sizib chiqqan» xabarlarga ko‘ra, 2018 yili chiqariladigan barcha iPhone’lar OLED-ekran, TrueDepth kameralar tizimi hamda Face ID texnologiyasiga ega bo‘ladi.

Yaqinda Xitoydagi bitta nashrda e’lon qilingan hisobotda ham «arzon» iPhone X xususiyatlari aniq ko‘rsatilmagan. Bu borada endi insayderlar ma’lumotlarini kutishimizga to‘g‘ri keladi.

Xitoyda raqobat kuchli

Xitoyda kupertinolik gigant mahalliy smartfonsozlarning kuchli raqobatiga duch kelmoqda. Joriy yilning uchinchi choragida Apple bu mamlakatdagi bozorning 17,7 foiz ulushinigina egallay oldi. Huawei esa 31 foizlik ulush bilan yetakchilik qilayotir.

Aslida-ku, «Osmon osti saltanati» – dunyodagi eng yirik smartfon bozori, potensial iste’molchilar makonidir. Ammo doimiy xotirasi 64 gigabaytlik iPhone X uchun 999 AQSh dollari miqdorida belgilangan narx xaridor chaqirmasligi aniq. Chunki xitoyliklar ko‘p qunksiyalarga ega bo‘lgani holda arzonga taklif etilayotgan smartfonlarga ko‘nikib qolishgan.

Aytib o‘tish o‘rinliki, Xitoyning talab eng yuqori 2 ta smartfon modeli ham mahalliy ishlab chiqaruvchilarga tegishli.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.