Apple rahbari iPhone qayerda ishlab chiqarilishini aytdi

Apple rahbari iPhone qayerda ishlab chiqarilishini aytdi

Shu kunlarda amerikaliklar orasida "Ayfon nega AQSh da tayyorlanmaydi?" degan savol keng ommalashmoqda va bu mavzu ko‘plab tanqid, fikr-mulohazalarga sabab bo‘lmoqda.

«iPhone smartfonini Amerika Qo‘shma Shtatlarida ishlab chiqarilmaydi, deb o‘ylash -- xato fikr», — deydi Apple korporatsiyasi bosh direktori Tim Kuk MSNBC telekanaliga bergan intervyusida.

«Kompaniya ayfon uchun eng zarur bo‘lgan barcha turdagi butlovchi qismlarni AQSh da ishlab chiqaradi, — deydi Kuk. — Odamlar esa smartfon korpusiga tushirilgan va qurilma yig‘iladigan joy nomiga e’tibor qaratishmoqda».

Kukning fikricha, yuqori texnologiyali bu qurilma jahonning turli davlatlarida yig‘ilishi va ishlab chiqarilishi kerak.

iPhone uchun kerakli bo‘lgan shisha Amerikaning Corning kompaniyasi tomonidan Kentukki shtatida, iPhone X uchun kerak bo‘ladigan Face ID moduli Texasda ishlab chiqariladi. Kukning ma’lum qilishicha, AQSh da Apple qurilmalari uchun zarur turli mikrosxemalar ham tayyorlanadi.

Keyinchalik bu qismlar Xitoydagi Foxconn va Pegatron kabi zavodlarga yetkazib beriladi.

AQSh hukumati, jumladan Oq uy rahbari ham Apple ayfonni Xitoyda ishlab chiqarayotgani, bu esa Xitoy uchun katta daromad manbai bo‘lib xizmat qilayotganini tanqid qilgan. Shu kunlarda AQSh hukumati Xitoyga qarshi iqtisodiy choralar ko‘rish bo‘yicha qonun loyihasini tayyorlamoqda.

Shunday bo‘lsa ham, Apple Amerikadagi eng serdaromad kompaniya bo‘lib qolmoqda. Joriy yilning yanvar holatida kompaniya 100 mingta qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish evaziga AQSh iqtisodiyotiga 350 milliard dollar foyda keltirgan.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!