Apple saytida iPhone X'ning 6 muhim jihati e’lon qilindi

Apple saytida iPhone X'ning 6 muhim jihati e’lon qilindi

Apple kompaniyasi o‘zining internet tarmog‘idagi sahifasida iPhone X flagmaniga avvaldan buyurtma berish sanasi va sotuvga chiqish vaqtini e’lon qildi. Unga ko‘ra 27 oktyabrdan, Toshkent vaqti bilan 12:00 dan boshlab smartfonga buyurtma berish va 3 noyabrdan jahonning 55 mamlakatida bu smartfonni xarid qilish mumkin. Apple savdoning ilk bosqichida iPhone X bilan bog‘liq tanqislik yuzaga kelishini ma’lum qilgan.

Biz esa quyida Apple.com saytida iPhone X'ga oid taqdim etilgan promo-ma’lumotlarni taqdim qilamiz. Undan flagmanga oid 6 jihat e’lon qilingan.

Dizayn va ekran. Old panelni to‘liq egallab olgan 5,8 dyuymli ekran. Bu -- ham orqa, ham old panel pishiq shisha bilan qoplangan kompaniya tarixidagi panellari eng chidamli smartfon.

Face ID. Sizning qiyofangiz — sizning parolingiz. Tizimga kirishning yangi usulini taqdim qilamiz va uning yordamida siz smartfonga birgina qarash orqali uni blokirovkadan chiqarasiz.

TrueDepth. Bu kichkinagina maydondan juda ko‘p imkoniyatlar o‘rin olgan. Shulardan biri TrueDepth kamerasi bo‘lib, u FaceID texnologiyasi, "Portret rejim"ida suratga olish, "Portret yorug‘ligi" va "Animoji" kabi zamonaviy funksiyalarga xizmat qiladi.

To‘liq yangilangan kamera texnologiyasi. Optik barqarorlashtirish va studiya sifatida suratga oluvchi yangicha "Portret rejimi", 12 megapikselli qo‘sh sensorlar har bir kadrni eng maqbul usulda qayta ishlaydi.

A11 Bionic protsessori. Smartfonlarda ilk marotaba tatbiq qilingan va sekundiga 600 milliard operatsiyani bajaradigan neyronli tarmoq o‘tkazgichlariga ega eng kuchli va aqlli chip.

Simsiz quvvatlash. Flagmanni shunchaki qo‘ying va u o‘zi quvvat oladi. iPhone X simsiz texnologiya olami uchun yaratilgan.