Apple yangi iPhone'ning taqdimot kunini e’lon qildi

Apple yangi iPhone'ning taqdimot kunini e’lon qildi

Hech kim kutmagan bir mahalda Apple kompaniyasi to‘satdan joriy yilning 27 mart kuni navbatdagi taqdimotini o‘tkazishini e’lon qildi. An’anaga ko‘ra bu yil martda ham amerikalik IT-ishlab chiqaruvchining yangi mahsulotlarini qarshi olamiz.

Amerikalik korporatsiya ommaviy axborot vositalariga tarqatgan taklifnomada aynan qaysi devayslar taqdim etilishini ma’lum qilmagan bo‘lsa ham, bu yilgi tadbirda iPhone SE 2, yangi iPad Pro, shuningdek «hamyonbop» MacBook Air 13 kabi gadjetlarning namoyish etilishiga shubha yo‘q. Shu bilan birga, taqdimotda MacBook 12 noutbukining yangi modeli ham muxlislar e’tiboriga havola qilinadi.

Qolaversa, ushbu namoyishda jamoatchilik e’tiboriga uzoq kutilgan va kompaniya smartfonlarini simsiz quvvatlash mumkin bo‘lgan AirPower qurilmasi, AirPods audio quloqchinlarini simsiz quvvatlash imkonini beruvchi keys stansiyani ham ilk marotaba ko‘rishimiz mumkin bo‘ladi.

Apple kompaniyasi hozircha taqdimot borasidagi boshqa tafsilotlarni qattiq sir tutmoqda.

Taklifnomada o‘qituvchi va talabalarga qarata sirli chorlov ham mavjud: "O‘qituvchi hamda talabalar uchun yangi ijodiy g‘oyalar". Ehtimol, kompaniya ta’lim tizimi uchun ham biror innovatsion devaysni ham taqdim qilsa ajab emas.

Shu bilan birga, iPhone SE 2 smartfoni kompaniyaning eng arzon mobil aloqa vositasi bo‘ladi. Bu smartfon 4,2 dyuymli IPS-ekran, 4 yadroli A10 Fusion (iPhone 7 kabi) protsessori, 2 GB operativ xotira hamda 32/128 GB doimiy xotira bilan ta’minlanadi.

Apple iPhone SE 2 (2018) smartfonida iPhone 6s kabi ikkinchi avlod Touch ID barmoq izi skaneridan foydalaniladi. Shu bilan birga, mazkur yangi modelda 12 megapikselli bosh hamda 7 megapikselli aniqligida surat oluvchi old kamera modullari bo‘ladi.

Shuningdek, 13 dyuymli MacBook Air noutbukining ham bu gal nisbatan arzonligi bilan diqqatga sazovor bo‘lishi kutilmoqda. Taniqli ishlab chiqaruvchining arzon gajetlari esa ta’lim oluvchi hamda ta’lim beruvchilar uchun ayni muddao.

Bu gal yangi va innovatsion iPad Pro'ni ko‘rmasak ham, kompaniya bu yil bozor uchun hamyonbop iPad (2018) devaysini tayyorlagan ko‘rinadi. Mazkur devays o‘tgan yilgi aypedning takomillashgan talqini bo‘ladi. Uning yanada kuchli protsessor, yangi kamera va boshqa o‘ziga xosliklarga ega bo‘lishi taxmin qilinmoqda.

Bir fursat avval esa yangi iPhone SE 2 smartfonining videoda aks etgani to‘g‘risida xabar bergan edik.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!