"Facebook’ning 1-raqamli davlati" maqomi osiyolik bu mamlakatga o‘tdi

Facebook kompaniyasi taqdim etgan so‘nggi statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Facebook platformasidan foydalanadigan aholi soni bo‘yicha Hindiston shu vaqtga qadar peshqadam bo‘lib kelgan AQShni ortda qoldirdi.

Joriy yilning 13 iyuliga ko‘ra, Hindistonda 241 million nafar internet foydalanuvchisi Facebook tarmog‘ida ro‘yxatdan o‘tgan. Amerika Qo‘shma Shtatlarida esa ayni paytda 240 million nafar Facebook foydalanuvchisi istiqomat qiladi. Hind foydalanuvchilarining 50 foizidan oshig‘ini 25 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar tashkil qiladi.

Facebook bir necha kun avval oylik faol foydalanuvchilari soni 2 milliarddan oshganini ma’lum qilgan edi.

AQSh bilan solishtirib ko‘rganda, Hindistonda Facebook'dan foydalanuvchi auditoriyaning o‘sish sur’ati 2 barobar yuqori. Misol uchun, so‘nggi 6 oyda bu tarmoqqa 50 milliondan ziyod foydalanuvchi kelib qo‘shilgan bo‘lsa, AQShda bu 26 millionni tashkil qiladi. Aholi soni 1 milliard 282 million aholi istiqomat qiladigan Hindistonda 462 million nafardan ziyod internet foydalanuvchisi mavjudligi hisobga olinsa, bu davlat Facebook uchun yirik auditoriya manbaasi hisoblanadi.

Hind nashrlarining yozishlaricha, mamlakatda Facebook’dan foydalanish bo‘yicha jiddiy gender notengligi mavjud. Jumladan, 241 million nafar foydalanuvchining 4 dan 3 qismini erkaklar tashkil qiladi. AQShda esa foydalanuvchilarning 54 foizini ayollar tashkil qiladi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!