AQSh iste’molchilar kengashi: "iPhone X narxiga nomunosib flagman"

AQSh iste’molchilar kengashi:

Yilning kutilgan flagmanlaridan bo‘lgan iPhone X bozorning va Apple'ning eng qimmatbaho smartfonlaridan biri bo‘ldi. Uning 64 gigabaytli bazaviy talqini uchun AQSh da $999 dollar, eng qimmat 256 GB doimiy xotiraga ega talqini uchun $1149 dollar so‘ralmoqda. Apple kompaniyasining so‘zlariga ko‘ra, yangi flagman bahosi to‘liq o‘zini oqlaydi. U dizayn va texnik xususiyatlariga ko‘ra har jihatdan ilg‘or. Garchi, brend bunga ishonsalar ham, Consumers Union (Consumer Reports) tashkiloti bunday fikrda emas.

Consumers Union nodavlat muassasasi AQSh iste’molchilar Kengashi hisoblanadi. Bu muassasa turli elektron qurilmalarni o‘zining 50 dan ziyod shaxsiy laboratoriyalarida sinovdan o‘tkazib, ularning narx-navosiga qanchalik munosib ekanini tahlil qiladi. Bunda foydalanuvchilarning munosabatlari ham muhim o‘rin egallaydi.

O‘qingBir manzarani Canon 5D Mark III, Google Pixel 2 XL va iPhone X bir vaqtda suratga olib ko‘rdi

Consumer Reports'ning navbatdagi sinov-ob’yekti Apple'ning yangi flagmani bo‘ldi. Unga ko‘ra, natijalar ijobiy emas. iPhone X yetarlicha muammolarga to‘la. "Olma" esa bu muammolar to‘g‘risida gapirishni istamaydi.

Consumers Union ekspertlari iPhone X'ga qoniqarsiz baho qo‘yishgan. Bu borada uning ko‘rsatkichlari iPhone 8, iPhone 8 Plus va Samsung Galaxy S8'dan ham past. Gap shundaki, uni orqaga tortib turgan bosh omil -- flagmanning bahosidir. Odatda ekspertlar muayyan gadjetni o‘rganayotganda unga nisbatan me’yorlarni bahosiga ko‘ra belgilashadi.

Misol uchun, bu telefon yerga tushib ketsa, korpusi yoki ekraniga osonlik bilan darz ketadi. Uni ta’mirlash uchun esa yana "otni kallasiday" pul kerak bo‘ladi. Shu bilan birga, aksariyat foydalanuvchilar uning akkumulyator va quvvat sig‘imidan shikoyat qilishmoqda. iPhone X sovuq sharoitda o‘z-o‘zidan o‘chib qolishi ham kutilmagan nosozlik.

Qolaversa, Face ID biometrik skaneri barqaror va aniq ishlamaydi. Buni Apple ham tasdiqlagan. Internet tarmog‘ida ham bu skanerning ishlashi bilan bog‘liq nosozliklar tufayli qoldirilgan ko‘plab shikoyatlarga guvoh bo‘lish mumkin. Uning oldini olish uchun esa kompaniyaning xizmat ko‘rsatish markaziga murojaat qilish kerak. Ekspertlarning fikricha, iPhone X o‘z narxiga munosib emas. Bozorda undan qolishmaydigan qiziqarli jihatlarga ega, shu bilan birga ancha-muncha arzon ko‘plab mobil aloqa vositalari mavjud.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!