Artel General Mobile (Android One) «Malika»da 812 ming so‘mdan sotilmoqda

Artel General Mobile (Android One) «Malika»da 812 ming so‘mdan sotilmoqda

Esingizda bo‘lsa, 2015 yilning 5 oktyabr kuni Toshkent shahrida Amerikaning Google korporatsiyasining yangi Android One smartfonining taqdimoti o‘tkazilgan edi. Smartfon yurtimizda General Mobile kompaniyasi hamda  mahalliy Artel savdo markasi hamkorligida avgust oyidan boshlab ishlab chiqarila boshlangan edi.

General Mobile kompaniyasi prezidenti Sebaxattin Yaman smartfonni taqdim qilar ekan, yangi gadjet Google’ning muvaffaqiyatli loyihalaridan biri ekanini aytgan. Quyida shu smartfon to‘g‘risida batafsil ma’lumot beramiz.

Android One mobil aloqa vositasining ikki ahamiyatli jihati bor: birinchidan, smartfon Google’ning ommabop ishlanma va qurilmalari bilan kuchaytirilgan. Ikkinchidan, gadjet Android operatsion tizimini 2 yil mobaynida avtomatik rejimda yangilab boradi.

Android One aloqaning GSM, WCDMA, 4G tarmoqlarida ishlashga mo‘ljallangan. Shuningdek, smartfon GPRS, EDGE, Wi-Fi 802.11 B/G/N, Bluetooth 4.0 simsiz aloqa tizimlarida ishlaydi.

Mazkur smartfonning displeyi 5 dyuymli bo‘lib, ekranning piksellar sig‘imi 1280 × 720 belgiga teng. Displey Gorilla Glass 4 rusumidagi himoya shisha qatlamiga ega. Ekranda multitach texnologiyasi tatbiq qilingan.

Android 5.1.1 operatsion tizimi (ayni paytda Android 6.0 Marshmallow’ga yangilangan)ga ega. “Aqlli telefon” 1 dona micro SIM’ni (Dual talqini ham bor) qo‘llab-quvvatlaydi.

Guglofon 1,2 Ggs chastotada ishlaydigan  64 bit, 4 yadroli Qualcomm Snapdragon 410 protsessor, grafik-tasvirni qayta ishlashga mas’ul Adreno 306 qo‘shimcha videografik tizimi, 2 gb tezkor xotira hamda 16 gb doimiy xotira bilan ta’minlangan.

Gadjetning bosh kamerasi 13 mp, old kamerasi 5 mp. Android One’ning quvvatiga 2500 mA soat elektr toki sig‘imiga ega bo‘lgan akkumulyator mas’ul.

2015 yilning may oyidan boshlab sotuvga chiqqan qurilmaning xalqaro bozordagi narxi o‘rtacha $260 dollarni tashkil qiladi.

2016 yilning 27 aprel holatida «Malika» savdo markazida Artel General Mobile “aqlli telefoni” 812,500 so‘mdan sotilmoqda.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!