"Arzon Galaxy S8" bugun taqdim qilinadi

Bir necha haftadan beri internet tarmog‘ida Samsung Galaxy S8 Lite smartfoni haqidagi xabarlar tarqalib yuribdi. Mazkur talqin "Samsung Galaxy S8" modelining bir oz soddalashgan versiyasi bo‘ladi. Xitoylik insayderlarning yozishlaricha, bu talqin nisbatan arzon smartfonni xush ko‘ruvchilarga mo‘ljallangan.

Kecha, 2018 yilning 20 mayida Janubiy Koreyada mazkur mobil aloqa vositasiga oid rasmiy xabar e’lon qilindi. Samsung kompaniyasining rasman bergan bayonotiga ko‘ra, ushbu yangi telefon apparati "Samsung Galaxy S Light Luxury" deb nomlanadi.

Yangi mobil qurilma texnik jihatdan flagman bo‘la olmaydi va hamyonbop gadjetlar turkumiga mansub bo‘ladi. Shu bilan birga, uning tashqi ko‘rinishi flagmanlarni eslatib yuboradi.

Koreyalik IT-gigantga ko‘ra, Samsung Galaxy S Light Luxury apparati rasman bugun, ya’ni 21 mayda jamoatchilik e’tiboriga havola qilinadi. Mazkur taqdimot Xitoyda bo‘lib o‘tadi. Samsung Galaxy S Light Luxury shu oyning yakuniga qadar savdoga chiqariladi.

Arzon va hashamdor ko‘rinishga ega smartfonlarni xush ko‘ruvchilarga mo‘ljallangan Samsung Galaxy S8 Lite taqdimoti Pekinda bo‘lib o‘tadi. Janubiy koreyalik ishlab chiqaruvchi ommaviy axborot vositalariga buning uchun taklifnoma jo‘natgan.

Hozirgacha to‘plangan ma’lumotlarga ko‘ra, yangi telefon apparatining 5,8 dyuymli Super AMOLED-ekranining piksellar sig‘imi Full HD+ bo‘ladi. Gadjetda 8 yadroli Qualcomm Snapdragon 660 protsessori o‘rnatiladi, uning chastota tezligi 2,2 GGs.ni tashkil qiladi.

Smartfonda USB Type-C porti, 4 gigabaytli tezkor hamda 64 gigabaytli UFS 2.1 standartidagi doimiy xotira bo‘ladi.

Shu bilan birga, mazkur mobil aloqa vositasida 16 megapikselli bir sensorli bosh kamera bo‘ladi. Unda lazerli avtofokus funksiyasi bo‘lmaydi. Old panelda esa 8 megapikselli selfi kamera o‘rnatiladi.

Samsung Galaxy S8 Light Luxury modelida barmoq izi skaneri orqa paneldan o‘rin olgan bo‘ladi. Ya’ni, asl modeldagi kabi noqulay joyda.

Yangi devaysning akkumulyator sig‘imi 3000 mA soat bo‘ladi. Smartfon qadoqdayoq Android 8.0 Oreo operatsion tizimida ishlaydi.

Samsung Galaxy S8 Lite qora hamda qizil ranglarda ishlab chiqariladi. Gadjetning narxi haqida bugun, ya’ni taqdimotdan so‘ng ma’lumot beramiz.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.