Atigi 80 dollarga Android’da ishlovchi to‘rt kamerali iPhone X chiqyapti!

  •   DiMaX
  •  4244
  •  21.10.2017 11:21

Atigi 80 dollarga Android’da ishlovchi to‘rt kamerali iPhone X chiqyapti!

iPhone X hali sotuvga chiqib ulgurmasidan, uddaburon xitoyliklar uning klonini yaratishdi. Android tizimida ishlaydigan bu smartfon to‘rtta kameraga ega, deya xabar bergan PhoneRadar nashri.

iPhone X nusxasini Hotwav kompaniyasi yaratgan bo‘lib, bu model Symbol S3 deb nomlangan. Kompaniya birato‘la Apple smartfonining ikkita nusxasini yasadi – bittasi oddiy displeyga ega, ikkinchisinig displeyida esa, original «yubiley ayfoni»dagi kabi, kameralar va dinamik uchun yuqori chekkasida «chekingan» joyi bor.

Mana, quyidagi suratda ikkalasini o‘zaro solishtirib tomosha qilish mumkin:

Hotwav Symbol S3 orqa paneli toblangan shishadan ishlangan, smartfon korpusi qora va oq ranglarda taqdim etiladi. Uning hatto asosiy kamerasi modullarining joylashuvi ham iPhone X’dagi kabi tikka ko‘rinishda. Ammo ularning sig‘imi originalnikidan past – 12 va 2 megapikselli ob’yektivlar o‘rnatilgan. Selfi ishqibozlarini o‘ylabmi, old kameraga undan kuchliroq – 16 va 2 megapikselli sensorlar joylangan. Aftidan, selfi-kameraning ikkinchi moduli yuzni skanerlovchi Face ID sensori o‘rnida foydalaniladi.

O‘z-o‘zidan ma’lumki, «xitoycha iPhone X» kupertinoliklarning iOS 11 operatsion tizimida emas, balki Android’da ishlaydi. Hatto unga mazkur tizimning eng so‘nggi talqini – Android 8.0 Oreo o‘rnatilishini va’da qilishyapti.

Endi navbat eng qizig‘iga – «yubiley ayfoni»ning kloni qancha turadi? Twitter foydalanuvchisi Aleks Teylor (@adntaylor) yozishicha, ushbu qurilmaga atigi 80 AQSh dollari miqdorida narx belgilanadi. Bu esa, original iPhone X’dan naq 16 baravar arzon, degani, axir!

iPhone X kloni – Hotwav Symbol S3 smartfonining texnik xususiyatlari:

  • Displey: 6 dyuymli, 1440x720 pikselli;
  • Protsessor: MediaTek MT6739;
  • Xotira: 2 GB tezkor va 16 GB doimiy;
  • Kamera: 12+2 Mp asosiy va 16+2 Mp old kamera;
  • Akkumulyator: 2900 mA/soat;
  • Operatsion tizim: Android 8.0 Oreo.

Mazkur smartfon savdoga qachon qo‘yilishi haqida hozircha ma’lumotlar yo‘q. Bexabar qolmaslik uchun bizni kuzatib boring!

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!