AvtoMobil: Tesla smartfonining konsepsiyasi tarqaldi

AvtoMobil: Tesla smartfonining konsepsiyasi tarqaldi

Milliarder Elon Mask nafaqat Tesla asoschisi, balki tasavvur va kelajakka oid g‘oyalarga boy inson sifatida ham nom qozongan. O‘z vaqtida odamlarning kiborglashuvi to‘g‘risida ham birinchi bo‘lib aynan u e’lon qilgan edi hamda vaqt o‘tib bu g‘oya amalga oshmoqda. Shuningdek, Elon Mask ayni paytda Mars sayyorasida ilk shaharni barpo etish ustida bosh qotirmoqda. Bu sayyoraga 2024 yilda yirik ilk ekspeditsiyaning jo‘natilishi kutilmoqda.

Biroq, shu kunlarda innovator yuksak maqsadlardan bir oz orqaga chekinib, smartfon sanoatida ham o‘zini sinab ko‘rishga qaror qilgan. Ehtimol, u bu yo‘lda tengsiz hisoblangan Apple'ni ham "yer tishlatar".

Kuni kecha biz Tesla taqdim qilgan ilk poverbank akkumulyator haqida yozgan edik. Bugun esa internet tarmog‘ida kompaniya taqdim etishni reja qilayotgan smartfon konsepsiyasining suratlari tarqalib ketdi. Va, ko‘rinishidan bu smartfonlar hozirdanoq diqqatni tortmoqda.

To‘liq ekranli devaysning bosh kamerasi vertikal joylashgan qo‘sh sensorlardan iborat. Smartfon korpusida an’anaviy Touch ID datchigining yo‘qligiga ko‘ra, ehtimol, barmoq izi skaneri displeyga joylashtirilsa kerak. Ekspertlarning fikricha, modomiki Tesla smartfon yaratishga kirishibdimi, demak uning gadjetlarida futuristik tashabbus va innovatsiyalar bo‘ladi.