Axborot texnologiyalari vaziri jurnalistlar bilan jonli efirda muloqotda bo‘ldi

Axborot texnologiyalari vaziri jurnalistlar bilan jonli efirda muloqotda bo‘ldi

17 may – “Jahon telekommunikatsiya va axborotlashgan jamiyat kuni” munosabati bilan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Xalqaro press klub bilan hamkorlikda “Zo’r TV” kanali studiyasida ommaviy axborot vositalari uchun matbuot anjumani tashkil etdi. 2 soatdan oshiq davom etgan uchrashuvda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri v.b. Sherzod Shermatov sohaning rivojlanish holati va qisqa davr ichidagi rejalariga bag‘ishlangan taqdimot bilan ishtirok etdi. Uchrashuv jonli efirda 1 soat davomida “O‘zbekiston” telekanalida efirga uzatildi. Samimiy ruhda o‘tgan uchrashuv qiziqarli va dolzarb savollarga boy bo‘ldi.

Matbuot anjumanida sohadagi natijalar qatorida muammo va kamchiliklar, ularni bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Jumladan, tadbirda bugungi mobil aloqa tarmoqlarida har qanday formatdagi (ovozli, fayl va video) ma’lumotlarni yuqori tezlikda almashish imkonini beruvchi 4G standartini rivojlantirish qoniqarli darajada emasligi, aholining aloqaning bu standarti bilan qamrovi 1 foizga ham yetmasligi aytildi. Shu maqsadda 900 / 1800 MGs  diapazonlaridagi radiochastota polosalari Radiochastotalar bo‘yicha Respublika kengashi qarori bilan mobil aloqa operatorlari o‘rtasida teng miqdorda qayta taqsimlangani qayd etildi.

Shuningdek, internet masalasida tezlik va narx – har bir foydalanuvchi uchun muhim omil. Ma’lumot berilishicha, 2016 yilda xalqaro axborot tarmoqlaridan foydalanish umumiy tezligi (provayderlar uchun) 26,3 Gbit/s.ga, 2017 yilda esa 65,7 Gbit/s.ga yetdi. Shuningdek, yil oxiriga bu tezlikni sekundiga 200 gigabitga yetkazish loyihalari amalga oshirilmoqda. Bu esa har bir internet foydalanuvchiga sezilarli ravishda tez va sifatli internet xizmatlaridan foydalanish imkonini beradi.

2013 yilda provayderlar uchun tashqi internet kanallariga ulanish narxi 1 Mbit/s uchun 422 AQSh dollarini tashkil qilgan bo‘lsa, 4 yil davomida bu narx muntazam pasaytirilib, bugungi kunda $67,85 dollargacha kamaygan. Internet trafikka bo‘lgan ehtiyojning o‘sishi – o‘z navbatida uning arzonlashuviga ham xizmat qilmoqda. Jurnalistlarga ayni paytda xalqaro tarmoqqa qo‘shimcha kanallar orqali ulanish ustida xorijiy hamkorlar bilan muzokaralar olib borilayotgani haqida ma’lum qilindi.

Yana bir muhim yangilik.

Garchi, hududlarimiz bo‘ylab 20 ming km.dan ziyod optik tolali aloqa liniyalari yotqizilgan bo‘lsa ham, afsuski, bugungi kunda keng polosali simli internetga ulanish ko‘rsatkichi mamlakatimizda har 100 nafar foydalanuvchiga 1.33 kishini tashkil qilmoqda. Bu esa reytingda O‘zbekistonning o‘rniga jiddiy ta’sir o‘tkazadi. Keng polosali internetni joriy qilish optik tolali aloqa kabellariga bo‘lgan ehtiyojni oshirmoqda. Jumladan, 2021 yilga qadar O‘zbekistonda optik tolali aloqa kabellariga bo‘lgan ehtiyoj 277 ming km.ni tashkil qiladi. Shuni inobatga olib, vazirlik tomonidan yurtimizda optik tolali aloqa kabeli ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona faoliyatini yo‘lga qo‘yish taklifi ilgari surilmoqda. Ushbu korxona yiliga 50 ming km ilg‘or aloqa kabelini tayyorlash salohiyatiga ega bo‘ladi.  Natijada, eksportga sarf qilinishi mumkin bo‘lgan 150 million AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ni asrab qolish imkoniyati tug‘iladi.

Sh.Shermatov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi faoliyati xususida ham to‘xtalib, Virtual qabulxona davlat va jamiyat boshqaruvida to‘xtab qolgan mexanizmlarni harakatga keltirishning muhim omiliga aylangani, fuqarolarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri hukumatga murojaat qilishi korrupsiyaning oldini olayotgani, islohotlar fuqarolar istaklariga ko‘ra, “quyidan-yuqoriga” tamoyili asosida amalga oshirilayotganiga diqqatni qaratdi.

Shuningdek, jurnalistlarni sinov tariqasida ishga tushirilgan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining yangi talqinining o‘ziga xosliklari qiziqtirdi. Portalning asosiy afzalligi – jismoniy va yuridik shaxslar uchun shaxsiy kabinet yaratilgan bo‘lib, foydalanuvchi to‘g‘risidagi ma’lumotlar bevosita “elektron hukumat”ning ma’lumotlar bazasiga yuklanadi. Portal bu ma’lumotlarni avtomatik ravishda qayta ishlab, foydalanuvchiga davlat xizmatlarini taklif qiladi. Portalda jarayonning o‘zida ko‘rsatiladigan xizmatlarni joriy qilish ham nazarda tutilgan. Ya’ni, fuqaro so‘rovi asosida kerakli ma’lumotnomalar so‘rov berilgan vaqtdayoq beriladi.

Ommaviy axborot vositalarini qachon O‘zbekistondagi har bir hudud, har bir fuqaro internetdan bemalol, hech bir texnik to‘siqlarsiz foydalanishi mumkin bo‘ladi, degan savol qiziqtirdi. Bu savolga “O‘zbektelekom” AK direktori Shuhrat Qodirov javob qaytarib, keyingi 5 yilda har bir yurtdoshimizga internetdan foydalanish imkoniga ega bo‘ladi. Jumladan, “Keng polosali internetga ulanishni rivojlantirish” loyihasi doirasida 2021 yilga qadar mamlakatimizda 1.5 million dona tezkor internet o‘tkazuvchanligiga ega keng polosali portlar o‘rnatiladi. Bu esa aholiga tezkor internet xizmatlarining ko‘rsatilishiga zamin yaratadi.