Axborot texnologiyalari vazirligi operator va provayderlarga muhim topshiriq berdi

Axborot texnologiyalari vazirligi operator va provayderlarga muhim topshiriq berdi

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Axborot xizmatining ma’lum qilishicha, bugun vazirlikda mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatuvchi barcha aloqa xizmatlari operatorlari va internet-provayderlari rahbarlari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tgan. Unda xizmatlar uchun narx tarifi siyosatini tartibga solish yuzasidan amalga oshirish zarur birlamchi vazifalar muhokama qilingan.

Uchrashuvda «O‘zbektelekom» AK abonentlarining, shuningdek hamkorlarning murojaat hamda istaklarini inobatga olgan holda, 20 oktyabrdan ayrim tariflarni oshirish bo‘yicha qarorning bekor qilingani qayd etilgan.

Ta’kidlangani kabi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 2 sentyabrdagi «Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi galdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoniga ko‘ra, barcha operator va provayderlarga tariflar uchun narxlarni veb-sayt va ommaviy axborot vositalarida milliy valyutada ko‘rsatish vazifasi yuklatilgan. Shuningdek, farmon asosida xizmatlar uchun tarif narxlarining keskin oshirilmasligini ta’minlash bo‘yicha ham topshiriqlar berilgan.

Uchrashuvda mobil aloqa operatorlariga qisqa muddat ichida mobil aloqa bilan qamrab olinmagan aholi punktlarini, shuningdek aholi yashaydigan hududlarni bog‘laydigan magistral avtomobil hamda temir yo‘llarini aloqa signallari bilan qamrab olish yuzasidan topshiriq berilgan.

Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasiga abonentlarga barcha turdagi telekommunikatsiya xizmatlarining sifatli ko‘rsatilishini qattiq nazoratga olish vazifasi yuklatilgan.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!