Barmoq izi skaneri 4K-displey ostiga joylangan ilk smartfon!

  •   DiMaX
  •  2020
  •  27.07.2017 11:44

Barmoq izi skaneri 4K-displey ostiga joylangan ilk smartfon!

Sharp kompaniyasi hozirda romsiz smartfonlarning ikkita modeli ustida ishlamoqdaBugina emas, balki u yana Aquos S2 ultraflagmanini ham taqdimotga tayyorlayapti, deb yozadi PhoneArena nashri.

Yangi «egizak»lar

Aytish kerakki, mazkur ishlab chiqaruvchi bungacha – hali ekranlarning romsiz bo‘lishi trendga aylanmasidan ancha oldin ham Aquos Crystal romsiz smartfonlarini ishlab chiqargan.

Xullas, hozir Sharp kodli nomlanishi FS8016 hamda FS8010 bo‘lgan ikkita qurilmani yaratmoqda. Har ikkala smartfon ham 1080x2048 piksel sig‘imli va diagonali 5,5 dyuymli displeyga ega bo‘ladi. Ularning kamerasi qo‘shaloq modulli (12 Mp + 8 Mp), tezkor xotirasi hajmi esa 6 gigabaytga teng bo‘lishi aytilmoqda. O‘zaro farqi esa protsessordadir: FS8016 kodli modeliga Snapdragon 660 protsessori, FS8010’ga esa Snapdragon 330 protsessori o‘rnatiladi.

Biroq Sharp’ning taqdimotlari bular bilan tugamaydi...

Sharp yana birinchi!

Kompaniya Aquos S2 rusumli ultraflagman chiqarishni rejalashtirmoqda. Mazkur devays qo‘shaloq kameraga hamda 4K sifatli displeyga ega. Qizig‘i shundaki, unda barmoq izi skaneri displeyning tagiga joylashtiriladi.

5,5 dyuymli 4K-panelni Sharp 2015 yiliyoq taqdim etgan va uni ishlab chiqarishni bultur boshlashni rejalashtirgan edi. Ammo moliyaviy tomondan yuzaga kelgan qiyinchiliklar sababli mazkur loyihani amalga oshirish bu yilga qolgandi.

Aytish kerakki, bugungi kunda ko‘pchilik ishlab chiqaruvchilar daktiloskopik skanerni displey ostiga joylashga qodirlar. Biroq ularni mazkur ishdan to‘xtatib turgan omil shuki, bunday skanerni ishlab chiqarish jarayoni anchagina murakkab. Boshqacha qilib aytganda, barmoq izi skaneri ekran ostiga joylashtirilgan millionlab smartfonlarni ishlab chiqarish qiyin kechadi. Sharp esa, odatda, o‘z smartfonlarini faqat Yaponiya hududidagina savdoga chiqaradi, shu bois bu borada unda muammo kelib chiqmasa kerak.

 Shulardan kelib chiqib aytish mumkinki, yuqoridagi ma’lumotlar haqiqatga ancha yaqin va Sharp kompaniyasi to‘laqonli 4K-displey hamda uning ostida daktiloskopik skaner joylashtirilgan ilk smartfonni yaqin orada taqdim etishi mumkin.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!