Barselonada taqdim etiladigan Xiaomi Mi 6X'ning narxi va jihatlari

Barselonada taqdim etiladigan Xiaomi Mi 6X'ning narxi va jihatlari

Kecha xitoylik insayderlar tomonidan internet tarmog‘ida yangi -- Xiaomi Mi 6X smartfon modelining suratlari e’lon qilindi. Mazkur model Xitoydan tashqarida Mi A2 nomi bilan sotuvga chiqariladi. Bu telefonlar bir-birlaridan operatsion tizimlari bilan farq qiladi. Xitoy talqini MIUI 9, xalqaro talqin Google ishlab chiqqan «toza» Android Oreo'da ishlaydi.

Weibo ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilingan Xiaomi Mi 6X smartfonining surati orqali bu model bilan to‘liq tanishish mumkin bo‘ldi.

Suratlardan ko‘rinib turibdiki, mobil qurilma "romsiz ekran" uslubida ishlab chiqilgan va uning tomonlar nisbati 18:9 standartida. Korpus va ekran atrofi maqbul uslubda mahorat bilan ishlangan. Shu bilan birga, orqa paneldagi qo‘sh kamera ham diqqatni tortadi.

Xiaomi Mi 6X to‘liq metall korpusli va orqa panelda barmoq izi skaneri uchun ham o‘rin mavjud. Kompaniya hozircha smartfonga o‘z logotipini tushirmagani ham ko‘rinib turibdi. Boisi, smartfon hali ommaviy ishlab chiqarishga mo‘ljallanmagan.

Hozircha aniqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, romsiz Xiaomi Mi 6X yuqori sifatli surat oluvchi qo‘sh sensorli bosh kamera, USB Type-C porti hamda 3,5 mm.li qadrdon audio tuynukka ega bo‘ladi. Tom qismidagi tuynuklarga qaraganda, telefonda IQ-port bo‘ladi va uning yordamida uydagi boshqa vositalarni boshqarish mumkin.

5,7 yoki 5,9 dyuymli IPS matritsali hamda Full HD+ sig‘imli ekranga ega bo‘lishi kutilayotgan smartfon platformasi 8 yadroli Qualcomm Snapdragon 660 protsessori, 4 GB tezkor hamda 64 GB doimiy xotiradan iborat bo‘ladi.

Xiaomi Mi 6X 26 fevraldan 1 martga qadar Barselonada o‘tkaziladigan MWC 2018 Jahon mobil anjumanida taqdim etiladi. Smartfonning $250 dollar bahosida sotuvga chiqarilishi kutilmoqda.