Benchmarkda Galaxy Note 9 ilk bor ko‘rinish berdi

Benchmarkda Galaxy Note 9 ilk bor ko‘rinish berdi

Galaxy S9 taqdim qilinishi bilan Samsung kompaniyasining mobil bo‘linmasi navbatdagi jiddiy flagmanni takomillashtirishga sho‘ng‘ishgan ko‘rinadilar. Boisi, so‘nggi taqdimotdan bir kun o‘tib, navbatdagi Galaxy Note 9 flagmani qurilmalar salohiyatini aniqlaydigan benchmarkda ko‘rinish berdi.

Benchmark natijalariga ko‘ra, Samsung Galaxy Note 9 yangi avlod fabletlariga xos bo‘lgan innovatsion jihatlar bilan ta’minlangan. Shuningdek, uning 555 balldan 522 ball to‘plagani ham e’lon qilingan.

Jumladan, "SM-N960U" ishchi raqami bilan namoyon bo‘lgan Galaxy Note 9 talqinidan kelib chiqib, Qualcomm’ning bu yilgi va shu vaqtga qadar ishlab chiqargan eng ilg‘or Snapdragon 845 chipseti yoki Samsung’ning Exynos 9810 chipsetiga ega bo‘ladi.

Galaxy Note 9 uchun tanlangan 6.3 dyuymli OLED ekran hozirgi "bayroqdor"lardan bir oz yirik va Galaxy Note 8 bilan deyarli bir xil bo‘ladi hamda ekranning tomonlar nisbati 18.5:9 o‘lchamida tayyorlanadi. Mazkur flagman ham kompaniyaning so‘nggi tendensiyalari asosida Galaxy S9 kabi "Infinity Display" bilan ta’minlanadi.

Galaxy S8 savdoga Android 7.0 Nought tizimida chiqarilgan yoki Galaxy Note 8 qadoqdayoq Android 7.1 tizimiga ega bo‘lgan bo‘lsa, shu yilning kuzidan sotuvga chiqariladigan Galaxy Note flagmani innovatsion Android 8.1 Oreo operatsion tizimi o‘rnatilgan holda xaridorlarga yetkazib beriladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Galaxy Note 9 devaysi romdan to‘liq xoli bo‘ladi. Old panelning 98 foizini ekran tashkil qiladi.

Galaxy Note 9 modeli ham Galaxy S9 kabi kamera texnologiyasi, jumladan "Super Slow-motion", ya’ni sekinlashtirilgan video tasvirga olish texnologiyasi bilan o‘ziga xos bo‘ladi. Yana bir muhim jihati, ushbu fabletning barmoq izi skaneri virtual bo‘ladi va displeyga joylashtiriladi.

An’anaga ko‘ra, Samsung Galaxy Note 9 iyul-avgust oylarida, ya’ni yangi ayfon flagmani taqdimotidan bir fursat avval namoyish qilinadi.

Galaxy Note 9 jahon smartfon bozorlariga o‘rtacha 1,400 AQSh dollari bahosida, ya’ni Galaxy Note 8 modelidan 200 dollar qimmatga sotuvga chiqariladi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!