Besh kamerali ilk smartfon – Nokia X yana bir xususiyati bilan dunyoda tengsiz

  •   DiMaX
  •  4234
  •  22.01.2018 11:16

Besh kamerali ilk smartfon – Nokia X yana bir xususiyati bilan dunyoda tengsiz

Har bir smartfonsoz butun dunyoni nimasi bilandir lol qoltirishni istaydi. Samsung kompaniyasi eng yangi texnologiyalarga ko‘proq urg‘u bersa, Apple o‘z dasturiy ta’minotini ilgari suradi, Xiaomi hamyonbopligiga e’tibor beradi va hokazo. O‘tgan yili Nokia brendini «tiriltirgan» HMD Global kompaniyasi esa o‘zining navbatdagi smartfonini umuman o‘zgacha bir jihatga ko‘ra betakror qilib chiqarmoqda.

O‘QING: MWC 2018 ko‘rgazmasida «Nokia X» namoyish etiladimi?

Kuni kecha PhoneArena resursi tarqatgan xabarga ko‘ra, HMD Global tayyorlayotgan flagman Nokia X deb nomlanadi va u naq beshta kameraga ega dunyodagi ilk smartfon bo‘ladi. Mazkur ma’lumotni Foxconn kompaniyasi xodimlaridan biri taqdim etgan.

Unga ko‘ra, HMD Global kompaniyasi Nokia X nomli inqilobiy smartfon ustidagi ishlarini yakunlagan. Uning asosiy xususiyati – kamerasi birato‘la beshta ob’yektivni o‘z ichiga olgan. Bungacha ma’lum bo‘lgan eng ko‘p ob’yektivga ega smartfon Huawei mahsuloti bo‘lib, u ham hali endi taqdim etiladi.

O‘QING: Qo‘shaloq kamera nimasi!? Uchta modulga ega 40 MP kamerali smartfonni qarshi olamiz!

Nokia X hozirda bozorda taklif etilayotgan eng ilg‘or texnik ta’minotga ega, sakkiz yadroli Qualcomm Snapdragon 845 protsessori hamda 8 gigabaytlik tezkor xotira bilan jihozlangan. Bundan tashqari, qo‘shaloq fotochaqnoq sharofati bilan mazkur telefon tunda ham ajoyib foto va video suratga ola biladi.

Shuningdek, Nokia X yana bir jihati bilan ham betakrordir – u 360 darajali videoroliklar suratga olish qobiliyatiga ega. Hozircha bozordagi birorta ham smartfon bunga qodir emasligini hisobga olsak, HMD Global kompaniyasining yangi flagmani ayni shu «fishka»si bilan ham dunyoni lol qoldiradi.

O‘QING: Panoramali 360-video qanaqa bo‘ladi?

Kompaniya mazkur smartfonini fevralning oxirida bo‘lib o‘tadigan MWC 2018 ko‘rgazmasida namoyish etishi mumkin, ammo bu biroz mushkul. Zero, Nokia X hozircha faqat prototip tarzidagina tayyorlangan, uni esa hali bir necha hafta mobaynida sinovdan o‘tkazish talab etiladi.

Ta’kidlab o‘tish kerakki, insayderlar Nokia X deb atayotgan mazkur flagman boshqa nom bilan taqdim etilishi ham mumkin. Chunki mazkur brend 2014 yilning fevralida ham aynan Nokia X rusumli telefon taqdim etgan.

O‘QING: Qay birini olsam ekan: Xiaomi Mi A1 yoki Nokia 6 (2018)?

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.