Beshta ob’yektivli inqilobiy kameraga ega Nokia 10’ning ilk suratlarini tomosha qilamiz!

  •   DiMaX
  •  1831
  •  28.01.2018 22:13

Beshta ob’yektivli inqilobiy kameraga ega Nokia 10’ning ilk suratlarini tomosha qilamiz!

HMD Global kompaniyasi MWC 2018 ko‘rgazmasida kamida ikkita smartfon taqdim etishi rejalashtirilgan. Bulardan biri ko‘pdan beri kutilayotgan Nokia 9 modeli bo‘lsa, ikkinchisi hali yaqindagina – dastlab Nokia X nomi bilan ma’lum bo‘lgan inqilobiy Nokia 10 qurilmasidir.

O‘QING: Besh kamerali ilk smartfon – Nokia X yana bir xususiyati bilan dunyoda tengsiz

Nokia 9 rusumli telefondan farqli ravishda, Nokia 10 mazkur brendning haqiqiy inqilobiy flagman bo‘ladi va Galaxy S9, LG G7, iPhone X singari eng yuksak toifali smartfonlar bilan bellasha oladi. U nafaqat 2,8 GGs takt chastotasida ishlovchi 8 yadroli ilg‘or Snapdragon 845 protsessori hamda 8 gigabayt hajmli tezkor xotirasi bilan, balki beshta sensorga ega asosiy kamerasi bilan ham maqtana oladi.

Internet kengliklarida Nokia 10 flagmanining ilk suratlari paydo bo‘ldi. Aytish kerakki, smartfon korpusining orqa tarafi chindan ham hayratlarga loyiq. Avvalo, xitoylik insayderlar bu qurilmaning Nokia bilan taqqoslangan quyidagi suratini oshkor etishdi:

Guvohi bo‘lib turganingizdek, bu yerda beshta ob’yektiv ko‘rinmaydi. Ammo gap boshqa yoqda: Nokia 10 asosiy kamerasi rostdan ham beshta moduldan iborat, faqat bir vaqtning o‘zida ulardan ikkitasigina ishlaydi. Qolganlari esa kameraning maxsus doirasimon qopqog‘i ostida turadi. Foydalanuvchiga suratga tushirish uchun qanday effekt kerak bo‘lsa, shundan kelib chiqib kamera ob’yektivlari avtomatik tarzda aylanib, o‘zaro o‘rin almashadi. Bu esa, masalan, orqa fonni g‘ira-shira qilish effekti bilan portret rejimida, sifatni yo‘qotmagan holda 4 karrali zum bilan, keng burchakli rakursda va hokazo usullarda rasmlar olish imkonini beradi.

Shundan kelib chiqib, ushbu smartfonning render-suratlari ham tarqalgan.

Nokia 10’ning aynan mana shu beshta sensorli asosiy kamerasi uning «kuzir»i hisoblanadi. Hozirgacha bozorga taqdim etilgan birorta mobil qurilma bunday xususiyatga ega emas.

Ammo MWC 2018 tadbirida bu modelning asosiy raqobatchilari ham aynan kamerasining kuchliligi bilan yetakchilikka intilishmoqda. Deylik, Galaxy S9 flagmani bittagina ob’yektivli kameraga ega bo‘lsa-da, Samsung uning taqdimot tadbiri uchun tarqatgan taklifnomasida unga asosiy urg‘uni bergan.

O‘QING: Samsung rasman Galaxy S9 taqdimotiga taklif qildi

Shu bilan birga, kamera borasida ustunlikka intilayotgan smartfonlardan yana biri kuchli «xitoylik» – Huawei P20 flagmani bo‘ladi. U uchta ob’yektivli hamda 40 megapikselli kameraga ega jahonning ilk mobil devaysi bo‘lishi kutilmoqda. Mazkur xususiyati sharofati bilan u tasvir sifatini saqlagan holda 4 karrali zum, shuningdek bir qator betakror effektlarni qo‘llab-quvvatlashi aytilayotir.

O‘QING: Huawei P20 – dunyodagi eng qudratli fantastik smartfon bo‘ladi

Tabiiyki, smartfonlardagi kuchli kamera va boshqa innovatsion jihatlar asosan jurnalistlarni va brendlar fanatlarini qiziqtiradi. Ammo oddiy foydalanuvchi uchun bular qanchalik ahamiyatli bo‘lishini hali vaqt ko‘rsatadi.

Buning ustiga, yuksak texnologiyalarga boy flagmanlarning narxi ham ancha yuqori bo‘lib, ularni uncha-muncha odamning «cho‘ntagi ko‘tarishi» qiyin.

O‘QING: Eng qimmatbaho 20ta smartfon narxlari (2018 yil 27 yanvar)