«Bilayn» abonent to‘lovi narxlarini keskin oshiradi, «UMS» va «Uzmobile»-chi?

  •   DiMaX
  •  5202
  •  24.01.2018 11:46

«Bilayn» abonent to‘lovi narxlarini keskin oshiradi, «UMS» va «Uzmobile»-chi?

O‘tgan yili sentyabr oyida mamlakatimizda valyuta siyosatining liberallashtirilishi natijasida turli tovarlar va xizmatlarning narxida o‘sish holatlari kuzatildi. Faqatgina aloqa xizmatlari narxlari eski holicha qolgan edi.

O‘QING: Ucell hisob-kitoblarda kursni abonentlar foydasiga yaxlitladi!

Ammo shu yilning 20 yanvarida «Bilayn» kompaniyasi 2018 yil 1 fevralidan boshlab tarif rejalarining kunlik abonent to‘lovi oshirilishini ma’lum qildi, deb yozadi «Xabar.uz» nashri. Unga ko‘ra, kunlik abonent to‘loviga ega tariflarda kunlik abonent to‘lovi o‘rta hisobda 66 foizgacha oshirilgan: «Bravo Online», «Bravo Vodiy» va «Bravo Ooo!» — 252,6 so‘mdan 420 so‘mga, «Zo'r-zo'r» «Mix», «Juda oddiy!» — 210,5 so‘mdan 350 so‘mga, «Yangi O!», «Qo‘shnilar+», «Klik» —168,4 so‘mdan 280 so‘mga.

Bu mobil aloqa xizmatlari narxining ko‘tarilishidagi dastlabki qadammi? Ko‘pchilikni tashvishlantiradigan savol. Sababi mamlakatimizda salkam 23 million kishi mobil aloqadan foydalanadi. Kundalik ehtiyojga aylangan bu xizmatning qimmatlashishi ijobiy holat emas, har holda. Ustiga-ustak, abonentlari soni bo‘yicha eng yirik kompaniya bu ishga qo‘l urdi. Qolaversa, «Bilayn» hozir faqat kunlik abonent to‘loviga ega tarif rejalari narxini oshirayotgan bo‘lsa, ertaga navbat abonent to‘lovi oylik to‘lanadigan tarif rejalariga kelmaydimi? Undan keyin so‘zlashuvning daqiqasi uchun to‘lovlar, mobil internet...

«Xabar.uz» muxbiri narxlar siyosati borasida boshqa kompaniyalar qanday niyatda ekani bilan qiziqdi.

«UMS» kompaniyasi vakili kompaniya abonentlar manfaatlarini o‘ylagan holda hamda mobil aloqa xizmatlari narxlari oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida tarif rejalari hamda xizmatlar uchun narxlarni o‘zgartirishni rejalashtirmayotganini ma’lum qildi. Hozirda kompaniya tomonidan yangi tarif rejalari ishlab chiqilayotgani, ular abonentlarning ovozli suhbat hamda internet-trafikka bo‘lgan talab va ehtiyojlarini maksimal tarzda qamrab olishi kutilayotgani qo‘shimcha qilindi.

O‘QING: UMS korporativ mijozlari qanday qulayliklarga ega?

«UZMOBILE» milliy aloqa operatori ham o‘z abonentlari manfaatlarini o‘ylab, mobil aloqa xizmatlari uchun narxlarni oshirmasligini bildirdi. Aksincha, kompaniya mijozlarga yanada arzon va qulay tariflar taqdim qilishni davom ettirish niyatida.

O‘QING: UZMOBILE allaqachon 5G texnologiyasini sinovdan o‘tkazdi

Qiziq, bir savol o‘ylantiradi: mamlakatimizda barcha mobil kompaniyalari uchun teng imkoniyatlar yaratib berilgan bo‘lsa, nega biri narxlarni oshirmasdan, aksincha, yanada qulay tariflar yaratish bilan ovora bo‘ladiyu, ikkinchisi oshirib yuboradi? Axir o‘sha kompaniya birinchilardan bo‘lib, O‘zbekiston hukumati yaratgan imkoniyatlardan foydalangan va abonentlari sonini oshirib olmaganmidi? Endi bozorda boshqalarga nisbatan ustunlikka ega bo‘lib olib, o‘zi istagan qarorni qabul qilish deganimi bu? Keyingi qaror qanaqa bo‘ladi? Millionlab abonentlarning ishonchi-chi?

O‘QING: Mobil operatorlarimizning ijtimoiy tarmoqlardagi ko‘rsatkichlari qanaqa?

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!