Birinchi buklama smartfon – ZTE Axon M taqdim etildi! (+video)

  •   DiMaX
  •  2418
  •  18.10.2017 11:19

Birinchi buklama smartfon – ZTE Axon M taqdim etildi! (+video)

ZTE kompaniyasi o‘zgacha form-faktordagi – gorizontal tarzda buklanuvchi, ikkita displeyli ilk smartfonni taqdim etdi. Yoyilgan holatda bu qurilma planshetga aylanadi, displeylari esa bitta katta ekranga birlashadi.

Axon M deb nomlanuvchi bu smartfon-transformer ikkita – har bir panelida bittadan 5,2 dyuymli, Full HD sifatli (1920x1080 pikselli) displeyga ega. Uni ikki tomongayam – ekranlarni ichkarida qoldirib ham, tashqarida qoldirib ham buklasa bo‘ladi. Ochilgan holatida esa undan diagonali 6,75 dyuymli bitta ekranga ega planshet sifatida foydalaniladi.

Shuning evaziga, ZTE Axon M devaysini to‘rtta rejimda ishlatish imkoni mavjud:

  1. An’anaviy – foydalanuvchi faqat bitta displeyni ko‘rib turadi, xuddi oddiy smartfondagi singari unda qo‘ng‘iroq qilishi, ekranda biror nima o‘qishi, tomosha qilishi, o‘yin o‘ynashi mumkin.
  2. Parallel (Dual mode) – har bir displeyda alohida ilova aks etadi. Bir vaqtning o‘zida, masalan, film tomosha qilish va elektron pochtani tekshirish imkoni bo‘ladi.
  3. Yoyilgan (Extended) – ikkita ekran yagona displeyga aylanadi, bu rejimda film tomosha qilish, o‘yinlar o‘ynash ancha qulay. Boshqa funksiyalardan ham foydalanish mumkin, albatta.
  4. Ko‘zgusimon (Mirror) – har ikki ekranda bitta kontent aks etadi, bunda ko‘pchilik bir vaqtning o‘zida qurilmaning ikki tomonida o‘tirib olib, ommaviy tarzda tomosha qilish qulay.

Mazkur rejimlar orasida o‘tish uchun ishoralardan foydalaniladi.

ZTE Axon M transformeri 20 megapiksellik bittagina kameraga ega. Uning o‘zini selfi uchun ham qo‘llash imkoni mavjud bo‘lgach, ikkinchi kameraga ne hojat, to‘g‘rimi?

Smartfon o‘lchamlari 150,8x71,6x12,1 millimetrni, vazni esa 230 grammni tashkil etadi. Akkumulyatorining sig‘imi 3180 mA/soatga teng. Smartfon-planshetga Qualcomm’ning o‘tgan yilgi Snapdragon 821 protsessori va 4 GB tezkor xotira o‘rnatilgan. Ichki flesh-xotirasi hajmi 64 gigabaytga teng bo‘lib, uni microSD formatidagi xotira kartasi yordamida kengaytirish imkoni mavjud.

Ko‘pchilikka ma’qul keladigan jihati – Axon M modelida quloqchin ulash uchun 3,5 millimetrlik audiotirqish ham, zamonaviy USB Type-C porti ham mavjud! Gadjetning «Uyga» tugmachasida barmoq izi skaneri joylashtirilgan. Qurilma Android 7.1.2 Nougat operatsion tizim talqini boshqaruvi ostida ishlaydi.

Ishlab chiqaruvchining ta’kidlashicha, ZTE Axon M tez orada Yevropa, Xitoy, Yaponiya va AQSh do‘konlarida savdoga chiqariladi. AQShda uning narxi 725 dollar qilib belgilangan.

Marhamat, yangi qurilma taqtimotidan tayyorlangan videolavhani tomosha qilib zavq oling:

Aytish kerakki, boshqa smartfonsozlar ham buklanuvchi qurilma tayyorlash ustida ish olib borishmoqda, ammo xitoylik ZTE ulardan o‘zib ketdi. Samsung’ning buklama smartfoni haqidagi xabarlar shu yilning mart oyida tarqala boshlagan. Sentyabrda esa kompaniya bukiluvchan smartfonni sertifikatlash bo‘yicha Koreya radiotadqiqotlar agentligiga patent arizasini topshirgan. Galaxy X deb atalayotgan ushbu model, narxi balandligi bois, iPhone X’dan ham noyob smartfon bo‘ladi. Apple ham «raskladushka» iPhone chiqarmoqchi, ammo Samsung’dan cho‘chigani uchun bu borada LG Display kompaniyasi bilan hamkorlikda ish boshlagan.