Bitcoin qiymati birinchi marta 3500 dollardan oshdi

Bitcoin qiymati birinchi marta 3500 dollardan oshdi

Bitcoin kriptovalyutasi kursi yangi rekordlarni urishda davom etmoqda. O‘tgan dam olish kunlari davomida Bitcoin qiymati 3000 dollarlik dovondan o‘tgani e’lon qilingan edi. Bugun esa navbatdagi psixologik marra – 3500 dollarlik qiymatdan o‘tildi, deb yozadi ITC.ua.

Kun boshida kriptovalyuta qiymati 3430 dollar atrofida edi. Kurs 3390,56 dollargacha tushgach, so‘ng 3500 dollargacha ko‘tarildi. Keyinroq kurs yana 3450 dollargacha pasayib, ma’lum vaqt o‘tgach 3525,04 dollargacha ko‘tarildi. Mazkur xabar tayyorlanayotgan vaqtda bitkoin narxi 3482,95 dollar edi, kriptovalyutaning umumiy kapitalizatsiyasi esa qariyb 57,5 milliard dollarga teng edi.

2017 yilning may oyida Bitcoin kriptovalyutasi ilk bor 2000 dollarlik dovonni bosib o‘tgan, iyun oyi boshida esa 3000 dollarlik qiymatga yaqinlashgan edi. So‘ng kutilmaganda keskin qadrsizlanib, bir bitkoin narxi 2666 dollarga tushib qolgan edi. Iyul oyida esa kriptovalyuta kursi so‘nggi ikki oy ichida birinchi marta 2000 dollardan pastga tushib ketdi.

Kriptovalyuta kursining hozirgi o‘sishi bir necha kun u ikki turga – klassik bitkoin (BTC) va Bitcoin Cash (BCC)ga bo‘lingani bilan bog‘liq. Mazkur qaror blokda “joylar” qolmagani va uzun “navbatlar” sabab yuzaga kelgan – ba’zan bitta pul o‘tkazmasining o‘tishini bir necha kunlab kutishga to‘g‘ri kelayotgan edi.