Blackberry smartfon ishlab chiqarishni to‘xtatadi

Blackberry smartfon ishlab chiqarishni to‘xtatadi

Kanadaning Blackberry kompaniyasi jahon smartfon bozorida o‘z o‘rnini topish uchun juda ko‘p harakat qildi. Hatto kompaniya sanoatda mustahkam o‘rnashish maqsadida qisman o‘z operatsion tizimidan chekinib, Android dasturida ham qurilmalar tayyorladi. Biroq yuqoridagilarning barchasi firmaning muvaffaqiyatini ta’minlashga yetarli bo‘lmadi. Kuni kecha so‘nggi chorak bo‘yicha e’lon qilingan moliyaviy natijalar Blackberry’ning holati barqaror emasligini tasdiqladi.

Garchi kompaniya rasman smartfon ishlab chiqarilishini to‘xtatgan bo‘lsa-da, uning hamkorlari brend nomi ostida qurilmalar tayyorlashda davom etishadi. Blackberry shu yilning boshidan e’tiboran, aniqrog‘i Android platformasida ishlaydigan DTEK50 modelini (Alcatel Idol 4 asosida) namoyish qilgandan beri, mazkur strategiya bo‘yicha qadam tashlamoqda.

O‘tgan so‘nggi chorak holatiga ko‘ra firmaning daromadi 334 mln dollarni tashkil qilgan bo‘lsa, moliyaviy zarar 372 millionga teng bo‘lgan. Shunga qaramay Blackberry rahbari Djon Chenning aytishicha, kompaniya bu yilda dastur ta’minoti va servislar ishlab chiqadigan bo‘limdan 30% o‘sishni kutmoqda.

Hozircha Blackberry nomi ostida chiqadigan yangi smartfonlar haqida ma’lumot berilmagan.