Bosh vazir "ixtirochi" abituriyentga dasturchi bo‘lishni maslahat berdi

Bosh vazir

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri 1 avgust kuni poytaxtimizdagi "O‘zekspomarkaz" binosida bo‘lib, bu yerda Toshkent davlat yuridik universitetiga o‘qishga kirish uchun o‘tkazilayotgan imtihon jarayonlari bilan yaqindan tanishdi. Bu to‘g‘rida nuz.uz sayti xabar bermoqda.

1 avgust kuni O‘zbekistonning barcha oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun yurtimiz bo‘ylab test imtihonlari tashkil qilindi. Jumladan, Toshkent davlat yuridik universitetida ham abituriyentlar uchun sinovlar bo‘lib o‘tdi. Universitetga talabalikka qabul qilinish uchun hujjat topshirgan abituriyentlar oqimining yirikligi hisobga olinib, universitet joriy yilda imtihonlarni Toshkent shahridagi "O‘zekspomarkaz" milliy ko‘rgazmalar binosida tashkil qildi.  

Raqobatning yuqoriligi bois, imtihonlar chog‘ida abituriyentlarning turli xildagi noqonuniy xatti-harakatlari, test jarayonlarida turli aloqa vositalaridan, gadjetlardan foydalanishga urinishi odatda ko‘p kuzatiladi. Ma’lumki, imtihon topshiradigan yoshlar ularda taqiqlangan vositalarning yo‘qligini va shaxsini aniqlaydigan 3 ta bosqichli nazoratdan o‘tishlari kerak bo‘ladi.    

Imtihon arafasida bilimiga ishonmagan yoshlar chinakam ixtirochiga aylanib, imtihonda ularga yordam berishi mumkin bo‘lgan turli-tuman vositalarni yaratadilar.  

Shunday yosh yigitlardan biri ham Toshkent davlat yuridik universitetiga kirish imtihonlarida o‘zi uchun mo‘’jazgina elektron qurilma yaratib oldi va uni imtihonga 3 kun qolganida "O‘zekspomarkaz" hududida joylashgan hojatxonaga yashirishga erishdi.

Imtihon boshlanishiga bir fursat qolganida bu "ixtirochi"ning "qorni og‘rigan" bo‘ldi va u hojatxonaga borishga ruxsat so‘radi. Umid bilan yaratgan gadjetini yashirib, imtihon xonasiga qaytish chog‘ida jinoyatchi nazorat guruhi tomonidan to‘xtatib qolindi. Bu yerdagilar ham anoyi emas.    

Zukko nazoratchilar abituriyentning apparat ta’minot ishlanmasini ko‘rib hayratda qolishdi. Imtihon chog‘ida tovlamachilik qilishga uringan omadsiz "kashfiyotchi" sinovlardan chetlashtirildi.

Bu voqealar bevosita O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining imtihon hududiga tashrifi chog‘ida bo‘lgani bois, hukumat rahbari Abdulla Aripov abituriyent yaratgan "elektron shpargalka"ni ko‘zdan kechirdi. va  hazilomuz kayfiyatda  uni yaratgan yigitga Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga o‘qishga kirishi kerakligini maslahat berdi.