Bu flagmanni xarid qilish uchun Yevropada yirik navbat yuzaga kelmoqda
Xitoyning OnePlus kompaniyasi qisqa muddatda jahonning turli hududlarida yashaydigan muxlislariga ega bo‘ldi. Shu bois, o‘tgan haftada taqdim qilingan OnePlus 5 flagmani bugun Xitoydan avval xalqaro smartfon bozoriga sotuvga chiqarilishi kutilayotgan edi. Biroq, xitoylik ishlab chiqaruvchi flagmanning ilk partiyasini o‘z vaqtida savdoga tayyorlashga ulgurmagani bois, brendning Amsterdam, Nyu-York, Berlin, Kopengagen, London va Parijdagi do‘konlari oldida xaridorlarning yirik navbati yuzaga kelgan.
5.5 dyuymli FHD (1080 × 1920 pikselli), Optic AMOLED texnologiyasida ishlaydigan ekranga ega OnePlus 5’ning eng ilg‘or jihati — u 64 bitli va 8 yadroli, 2.45 Ggs chastota tezligida ishlaydigan, 1 kristalli ilg‘or Snapdragon 835 protsessori bilan ta’minlangan va bu chip ayni paytda jahonning eng ilg‘or protsessoridir. Shuningdek, qo‘sh ob’yektivli bosh kameraga ega smartfon Apple’ning iPhone 7 Plus flagmanining kamera texnologiyasini o‘zlashtirgan.
Qolaversa, taniqli brendlarning flagmanlaridan 2 barobar arzon OnePlus 5 ayni paytda ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otmoqda. OnePlus 5’ning eng arzon talqiniga $480, yuqori talqiniga $539 dollardan oldindan buyurtma berish mumkin. Yangi smartfon 27 iyundan bozorga chiqariladi. Smartfon taqdim qilinguniga qadar 300 mingdan ziyod kishi uni xarid qilish uchun ro‘yxatdan o‘tgan.
Taqqoslash uchun aytamiz, iPhone 7 Plus jahon bozorida sezilarli darajada qimmat — $769 (32 GB) va $869 (128 GB) dollar. Ya’ni, xitoylik yangi smartfon iPhone 7 Plus kabi: dizayn, kamera imkoniyatlari, sifatli displey. Go‘yoki Andoid Nougat’da ishlaydigan ayfon. Shu bilan birga, ancha arzon.
OnePlus elektron pochta orqali gadjetni avvaldan buyurtma qilganlardan uzr so‘ragan va ularga ma’naviy zarar uchun 5 yevroga teng bo‘lgan kupon taqdim qilgan.