Bu yil smartfon xaridida e’tibor qaratish zarur muhim jihatlar

Bu yil smartfon xaridida e’tibor qaratish zarur muhim jihatlar

Zamonaviy mobil texnologiyalar sanoati xaridor oldiga turfa xil va jihatlarga ega smartfonlarni terib qo‘yadi. Smartfon xaridida turli marketing aldovlari va reklamabop ayrim jihatlar xaridorni osongina chalg‘itishi mumkin. Quyida bu yil smartfon xarid qilayotganda e’tibor qaratish lozim asosiy jihatlarga to‘xtalmoqchimiz.

Korpus

Smartfon tashqi ko‘rinishi doimo muhim jihat bo‘lgan. Aslida smartfon tashqi ko‘rinishi aldamchi bo‘lishi ham mumkin. Uning ichida nima borligini bilish qiyin. Muhimi smartfonning kaftda qulay joylashuvi. Bunda esa smartfon korpusi tayyorlangan material yoki xomashyoning o‘rni bor.

Plastik korpusli smartfonlarni xarid qilishda yaxshi bir imkoniyat tug‘iladi - bunday smartfonlar turli ranglarda ishlab chiqariladi.

Metall korpus - bu eng yaxshi tanlov. Alyumindan tayyorlangan orqa panelli smartfonlarda hashamdorlik yuqori bo‘ladi. Biroq bunday korpus protsessor va akkumulyatorning issig‘ini tez fosh qiladi.

Shisha korpus - bu xomashyo tatbiq qilina boshlaganidan buyon smartfon dizaynerlari tasavvurlariga erk berib yuborishdi. Biroq bunday korpuslar simsiz quvvatlash uchun ayni muddao. Keramika korpuslar ham bo‘ladi, ammo kam ommalashgan va qimmat.

Displey

Bu juda muhim element hisoblanadi. Zamonaviy foydalanuvchi uchun ekran, bu - "ish stoli". U yorqin va keng bo‘lishi kerak, juda ham emas albatta. Ekran imkon qadar old panelning muhim qismini egallagan va romlar yupqaroq bo‘lsa maqsadga muvofiq.

5 dyuymdan 6 dyuymgacha ekranli smartfonlarga diqqat qiling. Bundan kattasi fablet degani.

Agar ko‘zingizning ko‘rish qobiliyati past bo‘lsa yoki elektron kitob o‘qishni yoki film ko‘rib, internet bo‘ylab "sayr qilish"ni xush ko‘rsangiz, unda siz fablet xarid qiling.

Kichik displeylar esa ko‘zning sho‘ri. Hozirgi kunda ekran tomonlari 18 ga 9 nisbatli smartfon kaft uchun ham qulay. Smartfon o‘lchami kattalashmasa ham, displey kengayadi.

Displeyning piksellar sig‘imi ham muhim. Agar ekran diagonali 5 dyuymli bo‘lsa, HD sig‘imli ekran ham bo‘ladi. 5.5 yoki bundan katta dyuymli bo‘lsa, Full HD yaxshi variant.

Matritsa ham muhim jihat hisoblanadi. U turli texnologiya asosida tayyorlangan bo‘lishi mumkin. Eng ommalashgani va nisbatan arzoni IPS. Bir oz qimmati AMOLED. Ularning farqi aslida u qadar katta emas. Samsung kashf qilgan AMOLED matritsa nisbatan yorqin bo‘ladi va ranglar harorati ham yuqori yoki jilodor bo‘ladi.

OGS texnologiya ham mavjud. Bunda matritsa ustidagi ekran shishasi havo qatalmiga ega bo‘lmaydi. Natijada tasvir yaxshi aks etadi va quyosh nurlari ostida ham ekran nisbatan yorqin tusda bo‘ladi. Bunday ekranlar asosan arzon smartfonlarda qo‘llaniladi.

Samaradorlik

Samaradorlik birinchi galda protsessorga bog‘liq. Chiroyli korpus ostiga ko‘pincha kuchsiz chipni joylashtirib qo‘yishadi. Ayni paytda Qualcomm Snapdragon va MediaTek brendlari smartfon uchun protsessor ishlab chiqarmoqda. Birinchi brend ilg‘or va chiplari ham ishonchli. Ayniqsa, Qualcomm chiplari o‘yin o‘ynash va ilovadan foydalanish uchun moslashtirilgan.

Huawei ishlab chiqarayotgan HiSilicon va Samsung ishlab chiqarayotgan Exynos protsessorlari ham bor. Ular ishlab chiqaruvchining smartfonida foydalaniladi asosan.

Misol uchun, Snapdragon 430 chiplari arzon smartfonlarga mo‘ljallangan. Bu raqam kattalashgani sayin imkoniyat ham oshadi. Snapdragon 660 chiplari esa flagman protsessorlardan bir qadam orqada va ilg‘or.

Xarid chog‘ida AnTuTu ilovasini yuklab, smartfon protsessorining samaradorligini tekshirib ko‘ring. Bugungi kungi protsessorlar o‘rtacha 105 ming ball to‘plashi kerak. Flagman smartfonlarda bu ko‘rsatkich 200 mingdan oshadi.

Hozirgi kunda smartfonning tezkor xotirasi kamida 3 gigabaytli bo‘lishi kerak. Bu bir vaqtning o‘zida bir nechta ilovadan foydalanish imkonini beradi. Doimiy xotira esa kamida 32 gigabaytli. Agar kamera 4K sig‘imli video yozish imkoni bo‘lsa, bu xotira kamlik qiladi. SD-karta uchun bo‘lmachaning borligi ham ayni muddao.

Kamera

Bugungi kunda kamera bilan jiddiy muammo yo‘q. Sababi hamyonbop smartfonlarda o‘rtacha sifatli kamera o‘rnatilsa, flagman smartfonlarning kameralari olayotgan suratlar sifati unchalik ham farq qilmaydi.

Shunday bo‘lsa ham, kamera smartfondagi asosiy jihatlardan biri. Bugungi arzon smartfonlar ham yorug‘lik yetarli bo‘lsa, yaxshi surat olishadi. Kamera borasida bugun smartfon xarid qilayotganda portret rejimining borligiga e’tibor berish kerak. Buning uchun esa bosh kameraning qo‘sh sensorli bo‘lishi talab etiladi. Ayrim ishlab chiqaruvchilar arzon smartfonlariga ham bu texnologiyani tatbiq qilishmoqda.

 

E’tibor qaratish lozim bo‘lgan qo‘shimcha jihatlar:

Smartfonning 4G aloqa tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlashiga diqqat qiling. Yuqori tezlikdagi internet hammaga kerak.

Bugun kartochkasiz, smartfon yordamida masofadan turib to‘lovni amalga oshirish mumkin. Buning uchun NFC moduli kerak bo‘ladi. Arzon smartfonlarda bu modulni uchratish qiyin.

Barmoq izi skanerining bo‘lishi ham xavfsizlik uchun juda foydali funksiya.

Smartfonda infra-qizil portning bo‘lishi esa uydagi boshqa maishiy texnika vositalarini uning yordamida boshqarish mumkinligini anglatadi.

Batareya sig‘imi ham muhim jihat. Bugungi foydalanuvchi uchun kamida 3000 mA soat tok sig‘imiga ega akkumulyatorli smartfon kerak.

Audio karnaylarda musiqa tinglab ko‘ring va ovozning tiniqligiga ishonch hosil qiling.

2018 yilda smartfon tanlash oson ish emas. Ammo bu borada bizga doimo suyanishingiz va ijtimoiy tarmoqlar orqali murojaat qilishingiz mumkin.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!