CES 2018: Byton — Tesla Model X"ga Xitoyning "javobi"

CES 2018: Byton — Tesla Model X

Xitoyning Byton kompaniyasi Las-Vegas (Nevada, AQSh)da o‘tayotgan Consumer Electronics Show (CES) 2018 ko‘rgazmasi doirasida o‘zining to‘liq elektr tokida harakatlanadigan krossoverini namoyish qildi.

Byton Concept EV avtomobili qimmatbaho Tesla Model X mashinasining arzon muqobilidir. Bu ishlanma tashqi dizaynini suratlardan ham ko‘rish mumkin va u ko‘rinishidan hashamdor.

Ushbu mashinani 2 talqinda -- 1 va 2 elektr motorlar bilan ishlab chiqarish reja qilingan.

Quyi modelning umumiy quvvati 272 ot kuchiga ega bo‘ladi. Akkumulyator blogida 71 kVt·soat tokni zaxiraga saqlash mumkin. Bu quvvat bilan Byton Concept EV to‘liq quvvatlanib 400 km masofani bosib o‘ta oladi.

Yuqori talqin -- ikkita elektr motorga ega versiyaning umumiy quvvati 476 ot kuchiga ega. Bu modifikatsiyadagi akkumulyator blogi o‘zida 95 kVt·soat elektrni jam qiladi va to‘liq quvvat bilan 520 km masofani bosib o‘ta oladi.

Asosiy e’tibor mashina intereriga qaratilgan. Salonga bosh suqishingiz bilan "high-tech" nafasini his qilasiz: old panel, ya’ni old o‘rindiqlarning qarshisida ulkan displey o‘rnatilgan bo‘lib, u haydovchi hamda uning yonidagi o‘rindiq qarshisini ham to‘liq egallab olgan.

Bu displeyda bort tizimi ma’lumotlari hamda boshqa ko‘ngilochar ilovalar yoki axborotlar namoyon bo‘ladi.

Avtomobil rulida ham qo‘shimcha 8 dyuymli ekran bo‘lib, bu sensorli boshqaruv pulti mashinani oson boshqarish mumkin. Orqa o‘rindiqdagi yo‘lovchilar uchun ham alohida displeylar mavjud.

Mashinada yuz-qiyofa hamda harakatlarni tushuna oladigan maxsus tizim, shu bilan birga, uchinchi darajali avtomatlashgan avtopilot boshqaruvini joriy qilish rejalashtirilgan. Bunda avtomagistral yo‘llarda mashina o‘z-o‘zini xavfsiz boshqarishi mumkin.

Qayd etilishicha, Byton Concept EV 2019 yilda ishlab chiqariladi va 45 000 AQSh dollaridan sotuvga chiqariladi.

Eslatib o‘tamiz, Tesla Model X ayni paytda xalqaro bozorda o‘rtacha 80 ming AQSh dollaridan sotilmoqda.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!