Chrome’ning Android talqinida 300 mingdan ziyod VR-kontent ko‘rish mumkin

Chrome’ning Android talqinida 300 mingdan ziyod VR-kontent ko‘rish mumkin

Google 2016 yilning may oyida mobil qurilmalar uchun Daydream nomli yuqori sifatli virtual voqelik apparat-ta’minot vositasini e’lon qilgan edi. Sentyabr oyida esa, Daydream platformasi dasturchilar uchun ochiq deb e’lon qilindi. 2016 yilning noyabr oyidan boshlab Google Daydream View virtual voqelik shlemi, ya’ni garniturasi $80 dollardan sotuvga chiqarilgan edi.

Google kompaniyasi tomonidan yaqinda e’lon qilingan Chrome brauzerining Android operatsion tizimiga mo‘ljallangan navbatdagi “Chrome 56” barqaror talqinidagi muhim jihatlardan biri ham uning yuqoridagi WebVR standartini qo‘llab-quvvatlashi ekani aytilmoqda. Mazkur dasturiy interfeys JavaScript bazasida yaratilgan bo‘lib, mobil qurilmaning virtual voqelik shlemi bilan moslashishini ta’minlaydi. Ya’ni, WebVR brauzerining yordamisiz Daydream platformasidagi onlayn kontentni virtual garniturada ko‘rishning imkoni yo‘q.

Chrome’ning Android tizimiga mo‘ljallangan bu dasturdan hozircha Google Daydream hamda Daydream View garnituralarida foydalanish mumkin.

Chrome mahsulotlari bo‘yicha menejer Megan Lindsey o‘zining shaxsiy blogida yozishicha, ayni paytda Daydream platformasida foydalanuvchilar smartfonlari va virtual garnitura orqali ko‘rishlari mumkin bo‘lgan onlayn kontent miqdori 300 mingdan oshiq va bu raqam kun sayin oshib bormoqda. Aytish kerakki, mazkur platformani hozircha 3 ta smartfon, ya’ni Google Pixel, ZTE Axon 7 va Motorola Moto Z qo‘llab-quvvatlaydi. Istiqbolda esa Huawei Mate 9 Pro va ASUS ZenFone AR smartfonlari foydalanuvchilari bu yerdagi onlayn kontentni ko‘rish va 360 gradusli virtual sayohatni amalga oshirishlari mumkin bo‘ladi. Google amalga oshirayotgan Cardboard loyihasi yaqin yillarda WebVR dasturidan boshqa gadjetlar egalarining ham foydalanishlarini ta’minlaydi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!