“Cyber Security Challenge Uzbekistan” tanloviga ro‘yxatdan o‘tish e’lon qilindi

“Cyber Security Challenge Uzbekistan” tanloviga ro‘yxatdan o‘tish e’lon qilindi

O‘zbekistonda  axborot xavfsizligi sohasida birinchi marotaba o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan, yutuq jamg‘armasi 30 million so‘mdan iborat bo‘lgan “Cyber Security Challenge Uzbekistan” tanlovida  ishtirok etish uchun www.cyber.uz veb-saytida ro‘yxatdan o‘tish e’lon qilindi.
Tanlov O‘zbekiston “Kamolot”  YoIH, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi, Yoshlar tashabbuslari markazi, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy  va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tashkil etilmoqda.
Tadbir tashkilotchilarining ta’kidlashicha, “Cyber Security Challenge Uzbekistan” tanlovi O‘zbekistonda axborot xavfsizligi sohasidagi ilk ochiq musobaqa hisoblanadi. Ushbu tanlov nafaqat musobaqa, balki axborot xavfsizligi milliy iqtisodiyoti uchun noyob maydon hisoblanib, unda iqtidorli yoshlar eng yuksak unvon uchun kurashsalar, muvaffaqiyatli amaliyotchilar esa o‘z tajriba va bilimi bilan o‘rtoqlashadilar.
“Cyber Security Challenge Uzbekistan” tanlov dasturi quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
– Ishtirokchilarni ro‘yxatga olish
– Onlayn-test
– Turkum mahorat-maktablari
– Saralash musobaqasi – Kiber kvest
– Sayyor maktab
– Turkum mahorat-maktablari
– Final
– G‘oliblarni tantanali taqdirlash marosimi va After-party.
Tanlov dasturining yo‘nalishlari, muhokama etiladigan mavzular va zaiflikni izlash jamiyatimizda axborot xavfsizligi sohasidagi eng dolzarb vazifalardan hisoblanadi.
Mahorat-maktablari va treningni olib boruvchilar: Axborot xavfsizligi sanoatining xalqaro yetakchi kompaniyalari, vazirliklar va idoralar, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi Axborot xavfsizligini ta’minlash markazi hamda IT sohasi vakillari, Toshkent Inxa universiteti va Toshkent axborot texnologiyalari universitetidan taklif etilgan ma’ruzachilar.
Mazkur tanlovda axborot texnologiyalari xavfsizligiga oid amaliy yo‘nalishlar: ssenografiya, kriptografiya, veb-zaiflik, operatsion tizim zaifligi, dasturiy ta’minot zaifligi yo‘nalishlari bo‘yicha barcha qiziquvchilar qatnashishlari mumkin.
Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.