Dasturlash chempionatiga marhamat!

  •   DiMaX
  •  1048
  •  15.03.2017 16:38

Dasturlash chempionatiga marhamat!

Belorussiya Davlat axborot va radioelektronika universiteti joriy yilning 31 martidan 28 apreliga qadar dasturlash bo‘yicha BDARU ochiq chempionati – «BSUIR Open»ni o‘tkazadi. Mazkur tanlov dasturlash bo‘yicha mamlakatdagi eng yirik musobaqa hisoblanib, unda xorijlik dasturchilar ham ishtirok etishadi, deb yozadi universitet portali.

Xabarda aytilishicha, chempionatga BDARU talaba va magistrantlari, MDH mamlakatlarining oliy o‘quv yurtlari talabalari va umumta’lim muassasalarining o‘quvchilari taklif etiladi.

Musobaqa 3 bosqichda bo‘lib o‘tadi:

  • birinchi saralash bosqichi (sirtqi chorak final) – 31 mart – 3 aprel;
  • ikkinchi saralash bosqichi (kunduzgi-sirtqi yarim final) – 6 aprel;
  • Chempionat finali – 26-28 aprel.

Unda ishtirok etish uchun BDARU ishtirokchilar jamoalari 02.04.2017 (boshqa universitetlar jamoalari – 04.04.2017) sanasigacha ro‘yxatdan o‘tishlari lozim. Buni qanday amalga oshirish bo‘yicha maslahatlarni esa +99897-999-62-65 raqami orqali bizning menejerimizdan olishingiz mumkin.

Chempionat qoidalariga ko‘ra, chorak final bosqichi BDARU jamoalari va maktab jamoalari uchun majburiy hisoblanadi. Belarus Respublikasidagi hamda MDH mamlakatlardagi boshqa oliy o‘quv yurtlari jamoalari esa biryo‘la ikkinchi – yarim final bosqichiga taklif etiladi; unda jamoalar chempionat topshiriqlarini o‘z ta’lim muassasalari bazasida bajarishadi.

Keyingi – final bosqichiga esa, yarim finalda eng yaxshi natijalarni namoyon etgan 42 ta jamoa o‘tadi; ammo bunda jamoalarning soniga cheklov mavjud. Jumladan, chetdan tashrif buyuruvchilar – har bir oliy o‘quv yurtidan ko‘pi bilan ikkita jamoa finalga chiqishi mumkin.

«BSUIR Open» chempionati ACM-olimpiadalar qoidalariga ko‘ra o‘tkaziladi. Finalda qatnashchilarga 8 tadan 12 tagacha topshiriq beriladi, ularni 5 soat mobaynida yechish lozim bo‘ladi. Topshiriqlar ingliz tilida tuzilgan, shu bois qog‘oz (kitob) shaklidagi lug‘atlardan foydalanishga ruxsat etiladi.

Dasturlash bo‘yicha BDARU ochiq chempionati allaqachon an’anaviy tusga kirib ulgurgan va unda xorijlik talaba-yoshlar ham katta qiziqish bilan ishtirok etib kelishmoqda. Jumladan, 2016 yili unda rekord darajada – 333 ta jamoa qatnashgan. Ular orasida Rossiya, Ukraina, Litva, Latviya, Polsha va Qozog‘iston talaba-yoshlari ham bo‘lgan.

Umid qilamizki, bu yilgi chempionatda o‘zbekistonlik yosh dasturchilar ham ishtirok etib, yuqori o‘rinlarni qo‘lga kiritishadi. Zero, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent shahridagi Inha universiteti, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti, G.V. Plexanov nomidagi RIUning Toshkent filiali, MDUning Toshkent filiali, Toshkent xalqaro vestminster universiteti va boshqa oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan yoshlarimiz dasturlash bo‘yicha ham hech kimdan kam emasligimizni namoyon eta oladilar.

Chempionat haqidagi batafsil ma’lumot, topshiriqlarning shartlari shuningdek, o‘tgan yillar natijalari bilan acm.bsuir.by portalida tanishish mumkin. Barcha qiziquvchilarni mazkur tanlovda ishtirok etishga va Vatanimiz nomini sharaflashga chaqirib qolamiz.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.