Davlat rahbarlari qaysi smartfondan foydalanishadi?

Davlat rahbarlari qaysi smartfondan foydalanishadi?

AQSh

Amerikaliklarning yo‘lboshchisi Baraka Obamaning bir necha yillar davomida BlackBerry rusumidagi smartfonni ishlatib kelayotgani ma’lum bo‘lgan edi. Barak Obama 2009 yilda Oq uyga kelganida unga qo‘yilgan asosiy shart ham qadrdon BlackBerry’isidan voz kechish bo‘lgan. Ammo janob Obama bu telefondan voz kechmadi.

Shunday bo‘lsa ham, 2015 yilning dekabr oyida Obamaning Alyaska shtati bo‘ylab sayohati davomida u selfi tushish uchun iPhone qurilmasidan foydalangani haqidagi xabar shov-shuv bo‘lib ketgan edi.

Ammo AQSh rahbari xavfsizlik nuqtai nazaridan biror smartfondan umuman foydalanmasligini, onda-sonda AQSh Milliy xavfsizlik agentligi tomonidan takomillashtirilgan mobil qurilmalardan foydalanishini tan olgan.

Xavfsizlik nuqtai nazaridan BlackBerry chindan ham, axborot xavfsizligini ta’minlay olishi isbotlangan bo‘lsa kerak, ko‘pchilik davlat rahbarlari, yirik bank va korporatsiya rahbarlari, hatto ko‘pchilik rivojlangan davlatlarning xavfsizlik xizmati xodimlari ham ushbu rusumdagi gadjetdan foydalanishadi.

Germaniya

Germaniya rahbari Angela Merkel esa hali ham Nokia slide modeliga mansub mobil aloqa vositasidan voz kechgani yo‘q.

2013 yilda AQSh Xavfsizlik agentligi Angela Merkelning mobil qo‘ng‘iroqlarini tekshirishiga oid tarqab ketgan xabarlardan so‘ng ushbu telefon apparati yana ham shuhrat qozongan edi.

Aytishlaricha, Anglea Merkel xonim Nokia 6260 Slide qurilmasidan faqatgina yaqinlari bilan, shaxsiy masalalarda suhbat quradi. Davlat ishi masalalarida esa u Germaniyaning xavfsizlikni ta’minlash organi tomonidan maxsus chip o‘rnatilgan, maxsus ilovalarga ega BlackBerry Z10 smartfonidan foydalanadi.

Rossiya

Vladimir Putin hech qachon qo‘l telefoni ishlatmasligini ko‘p takrorlaydi. U telefonda so‘zlashish uchun ortiqcha vaqti yo‘qligini, bo‘lgan taqdirda ham, tinimsiz qo‘ng‘iroqlar vaqtini o‘g‘irlab qo‘yishini aytadi.

Undan farqli o‘laroq, bosh vazir Dmitriy Medvedev esa Apple smartfonlarining shaydosi.

Hatto u 2006 yilda Silicon Valley – AQShdagi elektronika va texnologiya kompaniyalari joylashgan hududga borganida Stiv Jobs unga hali taqdimoti qilinmagan iPhone 4 smartfonini sovg‘a qilgan edi.

Pokiston

Bosh vazir Navaz Sharifning  iPhone va Samsung qurilmalaridan foydalanishi ma’lum. Ammo bu qurilmalarning hech birini u o‘zi bilan olib yurmaydi. Bosh vazir faqatgina  BlackBerry Bold smartfonidan oila a’zolari va siyosiy maslakdoshlari bilan aloqa qilishda shaxsan foydalanadi.

Fransiya

Fransiya prezidenti Fransua Olland  iPhone 5 smartfonidan foydalanadi. U iPhone qurilmasidan faqatgina shaxsiy masalalarda foydalanadi. Fransiyaning undan oldingi rahbari esa BlackBerry rususmidagi smartfondan foydalangan.

Shimoliy Koreya

Shimoliy Koreya Prezidenti Kim Chen In HTC smartfonidan foydalanishi 2013 yilda olingan suratdan keyin ma’lum bo‘lgan. Shundan so‘ng, Shimoliy Koreya fuqarolari o‘rtasida ushbu tayvanlik ishlab chiqaruvchining smartfonlariga bo‘lgan talab ortib ketgan.

Bu mamlakatda 25 million aholi va 2 million mobil aloqa foydalanuvchilari istiqomat qiladi.

Shimoliy Koreyada mansabdorlarning, ularning oila a’zolarining, badavlat insonlarning, biznesmenlarning, Xitoy bilan aloqa qiluvchi insonlarning mobil  qurilmalardan foydalanishi qattiq nazoratga olinadi va kezi kelganda ta’qiqlanadi.

Italiya

Italiya bosh vaziri Matteo Rensi iPhone smartfoni foydalanuvchisi. Shu sababli bo‘lsa kerak, Apple asoschisi Stiv Jobs hayotdan ko‘z yumganida u o‘zining Facebook sahifasiga hamdardlik postini yozib, Stiv Jobsni “zamonamizning Leonardo da Vinchisi” deb atagan edi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!