Eksklyuziv: Sizning savollaringizga Toshkent shahridagi Inha universiteti rahbariyati bergan javoblar

  •   DiMaX
  •  2648
  •  17.03.2017 15:50

Eksklyuziv: Sizning savollaringizga Toshkent shahridagi Inha universiteti rahbariyati bergan javoblar

Ma’lumki, kompyuter va dasturiy ta’minot texnologiyalari yo‘nalishida ta’lim beruvchi oliy o‘quv yurtlari orasida Toshkent shahridagi Inha universitetining alohida o‘rni bor. U O‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidentining 2014 yil 24 martdagi qaroriga binoan tashkil etilib, 2014 yil 2 oktyabrdan «Kompyuter injiniringi» va «Dasturiy injiniring» yo‘nalishlari bo‘yicha faoliyat boshlagan. 2016 yili tarkibiy tuzilishga o‘zgartish kiritildi va hozirda unda talabalar ikkita: «Kompyuter injiniring va Dasturiy injiniring (SOCIE)» hamda «Logistika (SOL)» fakultetlarida tahsil olmoqdalar.

Mazkur ilm dargohini tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsadlar xalqaro standartlar darajasidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashni yanada takomillashtirish, shuningdek, ilg‘or xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni kengaytirish edi.

Xo‘sh, bu maqsadlarga erishish qanday bo‘lyapti, universitetning bugungi hayoti, undagi o‘quv jarayoni qanaqa? Bu oliy o‘quv yurtida o‘qishning afzalliklari nimalardan iborat? «Terabayt.Uz» sayti tahririyati shu kabi hamda saytimiz muxlislari yo‘llagan savollarga javob olish maqsadida mazkur oliy o‘quv yurti rektori Babaxodjayev Sarvar Nadjimovich bilan suhbat uyushtirdi.

Universitet rahbariyati o‘z professor-o‘qituvchilar jamoasi hamda talabalari bilan haqli ravishda faxrlanadi

– Toshkent shahridagi Inha universiteti qisqa fursat ichida tillarga tushdi. Universitet o‘z muvaffaqiyatini qaysi omillar bilan bog‘laydi?

Qisqa vaqt ichida Toshkent shahridagi Inha universiteti mamlakatimizdagi yetakchi oliy o‘quv yurtlaridan biriga aylanishiga, fikrimizcha, bir necha omillar sabab bo‘lmoqda. Birinchisi – Toshkent shahridagi Inha universiteti kirish imtihonlarining to‘laligicha ochiq va shaffof tarzda tashkil qilinishidir. Haqqoniy imtihonlar orqali biz faqat bilimli va iste’dodli yoshlarni o‘qishga qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘lamiz. Mana, 2016–2017 o‘quv yili uchun kirish imtihonini biz real vaqt rejimida onlayn-translyasiya qilib borganimiz bunga yaqqol misol.

2016–2017 o‘quv yili uchun kirish imtihoni real vaqt rejimida onlayn-translyasiya qilib borildi

Ikkinchidan, Toshkent shahridagi Inha universitetida ta’lim tizimi Koreya Respublikasidagi Inha universiteti ta’lim dasturlari asosida tashkil etilgan. Shu bilan birga, Koreya Respublikasidagi Inha universiteti yoshlarimizga sifatli ta’lim berish uchun xorijlik va mahalliy malakali professor va o‘qituvchilarni jalb qilib kelmoqda.

Yana bir muhim omil, Koreya Respublikasidagi Inha universiteti Toshkent shahridagi Inha universitetida ta’lim tizimi sifati va o‘rnatilgan standartlarga javob berishini muntazam nazorat qilib boradi.

Talabalarni rag‘batlantirish juda muhimdir. Bizning universitetda har bir semestr natijasiga ko‘ra, har bir kursdan o‘n nafar eng a’lochi talabalar kelasi semestr to‘lov pulidan to‘liq yoki qisman ozod etiladilar. Bu esa, talabalarning bilim olishlariga va o‘z ustlarida ishlashlariga rag‘batlantiruvchi turtki bo‘ladi.

– Yurtimiz AKT mehnat bozori uchun kadrlar tayyorlaydigan nufuzli muassasa rahbari sifatida, bugungi talabga javob beradigan IT-kadr deganda uning qaysi bilim va ko‘nikmalarini qayd etgan bo‘lardingiz? Sohada o‘z o‘rnini topish uchun kadrlar qaysi sifat va qanday bilimlarga ega bo‘lishi kerak?

– IT hozirgi kunda eng tez rivojlanayotgan sohalardan biridir. Bozorga yangidan-yangi mahsulotlar va dasturiy yechimlar kirib kelmoqda. Bu esa IT mutaxassislari avvalambor fundamental bilimlarga ega bo‘lishlari lozimligini bildiradi. Bu bilimlarni ular universitetdagi tahsil davomida oladilar. Ushbu bilimlar asosida ular yangi texnologiyalar va dasturiy yechimlarni tezroq o‘rganishlari mumkin bo‘ladi.

IT mutaxassislari o‘z ishlariga ijodiy yondashishlari va odamlarning ishlarini osonlashtiradigan hamda muammolariga yechim bo‘ladigan muhsulotlar taklif eta olishlari lozim.

Hozirda bozorda mavjud mashhur IT-mahsulotlarning aksariyatini odamlar ushbu omillar asosida yuzaga keltirishgan. Ya’ni, mahsulot mualliflari hayotlarida biror bir muammoga duch kelganlar va masalaga ijodiy yondashgan holda IT yordamida yechim topganlar.

– Toshkent shahridagi Inha universitetiga kirish uchun imtihon topshirgan ba’zi bir yoshlar imtihon vaqtida maksimal darajadagi ballarni to‘plaganliklari, koreyalik mutaxassislarni ham hayratga solganliklari to‘g‘risida eshitganmiz. Bevosita o‘qish va amaliyot davrida bunday talabalarning kuchli bilimlari ularga qanchalik yordam beryapti? Umuman, yaxshi dasturchi bo‘lish uchun maktabda olingan bilimning ahamiyati qanchalik?

– Haqiqatdan ham, Toshkent shahridagi Inha universitetiga kirgan bir necha yoshlar maksimal, ya’ni 100 ball to‘plagan holda oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirganlar. Ularga universitetgacha, maktabda olgan bilimlari oliy o‘quv yurtida ta’lim olishlariga ko‘mak beradi. Ammo ular bo‘shashmasliklari va qolgan barcha talabalar kabi ta’lim olishlari kerak. Maktabda olingan bilimni binoning asosiga qiyoslash mumkin. Universitetdagi ta’lim esa bu asosning davomidir.

– Toshkent shahridagi Inha universitetida tashkil etilgan Innovatsiyalar markazi faoliyatining universitetdagi tadqiqot va izlanishlardagi ahamiyatini nimalarda tasavvur qilasiz?

– 2016 yilda Toshkent shahridagi Inha universiteti qoshida Innovatsiyalar va sanoat kooperatsiyasi markazi tashkil etildi. Ushbu markazning asosiy maqsadi universitet va IT sohasida faoliyat yurituvchi kompaniyalar bilan aloqalar o‘rnatishdir. Bunday hamkorlik orqali biz universitet talabalarining real loyihalarda ishtirok etgan holda, o‘zlarining bilimlarini mustahkamlashlari mumkin bo‘ladi.

Talabalar real loyihalarni amalga oshirish orqali tajribaga ega bo‘ladilar. Aminmizki, bu tajribalari kelajakda ularga ishga kirishlarida aks qotadi.

Shu bilan birga, ular turli loyihalarda ishtirok etish orqali o‘zlarining innovatsion dasturlari va yechimlarini yaratish hamda amaliyotga joriy etish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Universitet va soha vakillari hamkorligi ikki tomon manfaatlariga xizmat qiladi. Korxonalar o‘z faoliyatlari uchun kerak bo‘lgan mahsulot oladilar, talabalar esa o‘z bilimlaridan foydalangan holda tajribga ega bo‘ladilar.

– Mazkur universitet bitiruvchilari kelajakda yurtimizning qaysi sohalarini rivojlantirishga xizmat qilishadi, deb o‘ylaysiz?

– Men bunda biror bir sohani ajratib ko‘rsatishni istamayman. Hozirda axborot texnologiyalari deyarli hamma sohalarga joriy etilgan. Aminmanki, bitiruvchilarimiz qaysi sohada ishlashlaridan qat’i nazar, mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy o‘sishiga va yangi yutuqlarga erishishida o‘z hissalarini qo‘shadilar.

– Bugungi kunda IT-kadrlarni tayyorlashda ko‘proq nimalarga e’tibor qaratish lozim?

– Eng avvalo zamon bilan hamnafas bo‘lish lozim. Hozirda axborot texnologiyalari jadal sur’atlarda rivojlanayotgan sohalar qatoriga kiradi. Shuning uchun ham IT-kadrlarni tayyorlashda dunyo AKT sohasidagi berayotgan yangiliklarga e’tibor qaratish kerak. Bilasizmi, ko‘pchilik AKT olami yangiliklari, bu boradagi ma’lumotlar bilan asl holida emas, tarjima holida tanishadilar. Ingliz tilida chiqqan bu xabar ko‘pincha avval rus tiliga, so‘ng esa undan o‘zbek tiliga tarjima qilinadi. Ma’lumki, har qanday yangilik ham bir-ikki tarjimadan keyin o‘zining asl holatidagi ma’nosini oz bo‘lsa-da, yo‘qotadi. Bizning talabalarimiz esa bunday yangiliklardan asl ingliz tilida tanishish imkoniga egalar va shuning uchun ham zamon bilan hamisha hamnafaslar.

Bundan tashqari, IT-kadrlarni tayyorlashda ularning mustaqil fikrlashlariga va o‘z ustlarida qattiq ishlashlariga e’tibor qaratamiz. Barcha talabalar uchun bepul Wi-Fi ulab berilgan, shuningdek, kutubxonamizni ham IT sohasidagi eng so‘nggi adabiyotlar bilan to‘ldirib borishga harakat qilyapmiz. Eng quvonarlisi, kutubxonamiz hamisha talabalar bilan to‘la, ular tinmay o‘qishadi, izlanishadi va umid qilamanki, kelajakda malakali IT-kadrlar bo‘lib yetishib chiqishadi.

Talabalar maqsad sari o‘zlari ongli ravishda intilishadi

– Universitet zimmasiga xalqaro standartlarga javob beradigan mutaxassislar tayyorlash vazifasi yuklangan. Mana, ayni paytda «ilk qaldirg‘och»lar bitirish arafasida turishibdi. Ulardagi qaysi bir jihatlar e’tirofga loyiq?

– Bilasizmi, talabalarimizning juda ko‘p jihatlari e’tirofga loyiq. Bunday deyishimga sabab bor, albatta. Bu yerda hech kim talabalarni «o‘qigin, dars qilgin» deb tergamaydi. O‘g‘il-qizlarimiz o‘zlari ongli ravishda dars tayyorlashadi, izlanishadi, o‘z ustlarida tinmay ishlashadi. Bundan tashqari, ko‘pgina xorijiy universitetlar, tashkilotlar tomonidan o‘tkazilayotgan turli tanlovlarda ishtirok etib, g‘olib chiqishmoqda.

Bir necha talabalarimiz AQSh va Yevropa mamlakatlaridagi o‘quv treninglarida ishtirok etib kelmoqdalar. Bu talabalarimizning katta salohiyatidan darak beradi. Bunday treninglarda ishtirok etib, yangi bilimlar oladilar va qarashlarini kengaytiradilar.

Bir narsani faxr bilan aytish mumkinki, Toshkent shahridagi Inha universitetining talabalari bilim borasida dunyodagi eng nufuzli universitetlar talabalaridan ustun bo‘lsa ustunki, hech bir kam joyi yo‘q. Ha, shunday yaxshi niyatlar bilan bunyod etilgan Toshkent shahridagi Inha universiteti o‘z mevasini bera boshlayapti. Umid qilamanki, talabalarimiz Davlatimiz rahbariyati tomonidan bildirilgan yuksak ishonchni oqlashadi hamda universitetimizning dunyodagi eng nufuzli va obro‘li ilm maskanlaridan biriga aylanishiga o‘z hissalarini qo‘shishadi.

– Toshkent shahridagi Inha universiteti, umuman xorijiy ta’lim muassasalarida o‘qish yoki farzandini o‘qitish oson emas. Ayting-chi, moliyaviy mablag‘ tufayli o‘qishdan umidini uzgan talabalarni rag‘batlantirish bilan bog‘liq biror holat bo‘lganmi?

Universitetimizda, yuqorida aytib o‘tganimdek, rag‘batlantirish tizimi mavjud. Har bir semester yakuniga ko‘ra har bir kursdan 10 nafar eng bilimdon talabalar kelasi semestr to‘lov pulidan to‘liq yoki qisman ozod etiladilar. Bunga ular faqat yaxshi bilim olish va imtihonlarni a’loga topshirish orqali erishishlari mumkin.

Shu bilan birga, biz universitetga homiylarni jalb etish ustida ish olib bormoqdamiz. Hozirda «Lukoyl» (Rossiya), Huawei (Xitoy), Bravo Pharma (Hindiston) kabi kompaniyalar talabalarimizning bilim olishlari uchun imkoniyat yaratib bermoqdalar. Ushbu imkoniyatdan foydalangan holda, men IT sohasida yetuk mutaxassislar tayyorlashga o‘z hissasini qo‘shmoqchi bo‘lgan tashkilot va korxonalarni hamkorlikka chaqiraman.

– Universitetingiz talabalarining Koreya yoki boshqa mamlakatlarda o‘tkazilayotgan xalqaro tadbirlar – tanlovlarda, shuningdek grantlarda ishtiroki xususida ham gapirib bersangiz?

– Yuqorida ham qayd etib o‘tdim – talabalarimiz juda ko‘p tanlovlarda qatnashib, yorug‘ yuz bilan qaytmoqdalar. Misol uchun, Fransiya elchixonasi tomonidan yurtimizdagi oliy o‘quv yurtlari talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan tanlovda ishtirok etib, g‘olib chiqqan talabamiz Nodira Hoshimova bepul yo‘llanmani qo‘lga kiritib, Fransiyada bir oy bo‘lib qaytdi.

Yana bir misol, 3-bosqich talabamiz Yulduz Xodjayeva 2016 yilning sentyabr-dekabr oylarida AQShning Seynt Klaud Steyt Universiteti (St.Cloud State University)da o‘qish uchun grant yutib olib, tahsil olib qaytdi. Shu kunlarda 3-bosqich talabamiz Nuruddin Iminoxunov AQShning Mississipi universiteti (University of Mississippi)da 2017 yilning yanvar-may oylarida o‘qish uchun grant yutib olib, tahsil olmoqda.

Bulardan tashqari, «Milliy Internet Tanlovi» (MIT.uz) doirasida ishtirok etgan talabalarimiz «MIT.UZ Open Data Challenge 2016» tanlovida g‘olib bo‘lishdi. Talabalarimiz Dilnura Tohirova va Sabina Akbarovalardan iborat «Valkirii» jamoasi, «Ochiq ma’lumotlarga asoslangan namoyishning eng yaxshi yechimi» nominatsiyasida g‘olib chiqishdi. Vorisxon G‘anixo‘jayev, Shaxboz Jo‘rayev, Bobur Zoitov va Ulug‘bek Abdullayevlardan iborat «IUTech» jamoasi – «Xakatonning eng innovatsion loyihasi» maxsus nominatsiyasida g‘olib chiqdi. «AlphaZet» jamoasi tarkibida ishtirok etgan talabamiz Husan Yusufxodjayev «Ochiq ma’lumotlarga asoslangan eng yaxshi ijtimoiy loyiha» nominatsiyasida g‘olib chiqdi. Iqtidorli talabalarimizdan Nuruddin Iminoxunov o‘zining «EnglishLife.uz» loyihasi bilan ishtirok etib, faxrli ikkinchi o‘rinni egalladi.

Yana bir talabamiz Firdavsbek Narzullayev «Winncom Technologies» kompaniyasi tashkil etgan tanlovda g‘olib chiqib, «Samsung Galaxy Tab E» planshetini yutib oldi.

Toshkent shahridagi Inha universiteti har yili Koreya Respublikasidagi Inha universitetida tashkil etiladigan yozgi maktabga 10 nafar talabani yuboradi. Bu talabalar ichki tanlov orqali tanlab olinadilar. Yozgi maktab davomida ular turli darslarda ishtirok etadilar, Koreya madaniyati, hayoti va diqqatga sazovor joylarini ko‘rish imkoniga ega bo‘ladilar.

– Muassasa professor-o‘qituvchilari jamoasini shakllantirishda, yangi kadrlarni ishga olishda ko‘proq qaysi jihatlar e’tiborga olinmoqda?

– Universitetga professor-o‘qituvchilarni ishga olish ishlari Koreya Respublikasidagi Inha universiteti bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

Professor-o‘qituvchilarni ishga olish jarayonida nomzodlarning qayerda bilim olganliklari va shu paytgacha ishlagan oliy o‘quv yurtlariga qaraladi. Biz G‘arb universitetlarida professorlik unvonini olgan va xorijiy universitetlarda ishlab, tajriba orttirgan professorlarni ishga olmoqdamiz.

Hozirda aksariyat professorlarimiz xorijlik mutaxassislardir. Ushbu vaziyatni o‘zgartirish uchun biz salohiyatli yoshlarni tanlab olib, ularni xorijiy universitetlarda professorlik unvonini olishlari va tajriba orttirishlari uchun sharoitlar yaratmoqdamiz. Aminmanki, yaqin vaqt ichida universitetimizda xorijlik mutaxassislardan qolishmaydigan mahalliy professorlar soni ham ortadi.

– Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur! O‘zingizga, jamongizga va talabalaringizga yanada yuksak marralarni zabt etishda g‘ayrat, shijoat va albatta salomatlik tilaymiz!