Ekspert: "iPhone X'dagi bu innovatsiyani yaratish uchun raqiblarga 2,5 yil kerak".

Ekspert:

iPhone X'da Apple kompaniyasi kuchli bir innovatsiyani joriy qilgan — TrueDepth texnologiyasi. TrueDepth kamera tizimi — Apple iPhone X'ning muhim jihati.

TrueDepth o‘zi nima?
TrueDepth — 7 megapikselli old kamera, infra-qizil kamera, belgilarni qayd etuvchi proyektor hamda infra-qizil nur tarqatuvchi qurilmalar birikmasidan iborat innovatsion kamera va skanerlash tizimidir.

Misol uchun, belgilarni qayd etuvchi proyektor foydalanuvchi yuzdagi 30 mingdan ziyod belgi, nuqta yoki dog‘ni aniqlaydi va shunga ko‘ra qiyofaning xaritasini chizadi. iPhone X foydalanuvchisi tizimga kirishi chog‘ida ayfondagi TrueDepth tizimi qiyofani aynan shu xarita bilan solishtirib ko‘radi.

Infra-qizil nurli kamera esa yuzning nuqtali tarkibini shakllantiradi va olingan ma’lumotlar asosida yuzning nuqtali ko‘rinishini infra-qizil spektrda, ya’ni "virtual to‘r" shaklida tayyorlaydi. Bu surat esa A11 Bionic protsessoriga o‘rnatilgan Secure Enclave nomli maxsus modulga yuboriladi. Secure Enclave modulida esa foydalanuvchining qiyofasi avval saqlab qo‘yilgan xarita bilan solishtiriladi.

Aytish kerakki, bu yerda taqqoslash o‘ta murakkab jarayondan iborat. A11 Bionic mikroprotsessorining neyron yadrosidagi bir qismi yuzning infra-qizil surati va yuz xaritasining matematik gavdalantirilgan shaklini qaytadan chizadi. Shundan so‘ng bu suratlarda olingan natija yuzning avval ro‘yxatdan o‘tkazilgan talqini bilan solishtirib ko‘riladi.

Infra-qizil nur tarqatuvchi qurilma esa kameraga iPhone X foydalanuvchisining yuzini har qanday sharoitda, jumladan tungi sharoitda ham tanish imkoniyatini yaratadi. Bu qurilma yuzga yo‘naltirgan infra-qizil nur oqimi yuzga urilib, kameraga uni his qilishga yordam beradi.

KGI marketing va tadqiqot kompaniyasining taniqli tahlilchisi hamda mashhur insayder Ming-Chi Kuoning so‘zlariga ko‘ra, Apple o‘z flagmanida joriy qilgan bu innovatsiya g‘oyatda noyob. Bu texnologiya hali-beri android smartfonlarga tatbiq qilinmaydi. Aniqrog‘i, TrueDept kamera muqobilini yaratish uchun Android ishlab chiqaruvchilariga kamida 2,5 yil kerak bo‘ladi. Aytish joizki, bu texnologiya old kamerada ham sifatli suratlar olishda, shuningdek "animoji" kabi interaktiv ilovalardan foydalanishda ayni muddao.

Kuoning fikricha, aynan ana shu TrueDept-kamerasi Apple kompaniyasining smartfon bozoridagi yaqqol yetakchi bo‘lishini ta’minlaydi. Jumladan, ekspert 2018-2019 yillarda iPhone savdosining keskin ko‘tarilib ketishini aytmoqda. Xususan, shu yil oxiriga qadar "Olma" yo‘q deganda yana 30-35 mln dona ayfon sotishga erishadi.