Elon Mask: «Bu texnologiya baxtsiz hodisalarni 10 barobarga qisqartiradi»

Elon Mask: «Bu texnologiya baxtsiz hodisalarni 10 barobarga qisqartiradi»

Amerikaning CBS kompaniyasi jurnalistlari Tesla kompaniyasi asoschisi bo‘lgan taniqli biznesmen Elon Maskdan intervyu olishdi. Suhbat o‘zini o‘zi boshqaradigan "aqlli avtomobil" texnologiyasi hamda uning xavfsizligi xususida bo‘ldi.

So‘nggi yillarda mustaqil harakatlanadigan mashinalar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalari soni ko‘payib bormoqda. Misol uchun, AQSh da 2018 yilning mart oyida mustaqil boshqaruv tizimida bo‘lgan Tesla Model X katta yo‘lda harakatlanib ketayotganida to‘siqqa urilgan va yonib ketgan. Natijada, Apple sobiq xodimi olamdan ko‘z yumgan. Yangiliklarda qayd etilishicha, avtomobil bir necha marotaba haydovchidan rulni hamda boshqaruvni zudlik bilan qo‘lga olishi zarurligini so‘ragan. Biroq haydovchi bunga e’tibor bermagan.

Tesla kompaniyasining tasdiqlashicha, mazkur avtohalokat yo‘ldagi to‘siqning noto‘g‘ri tuzilishi sababli yuzaga kelgan. U standart bo‘yicha qurilmagani sababli avtopilot bu to‘siqni tanimagan.

Intervyu chog‘ida Elon Mask hamda CBS muxbiri Geyl King Tesla Model 3 avtomobilida sayohat qilishgan. Maqsad bu avtomobilning xavfsiz texnologiyasi asosida harakatlanishini isbotlash edi.

Kompaniya asoschisi intervyuda o‘zining mustaqil harakatlanadigan avtomobil texnologiyasi haqidagi qarashlarini bayon qilgan. Maskning so‘zlariga ko‘ra, mashina avtopilot rejimida bo‘lganida ham boshqaruv rulini qo‘yib yubormaslik hozircha xavfsizlikni ta’minlashda muhim shar hisoblanadi.

«Ta’kidlash joizki, ayni paytdagi mustaqil harakatlanuvchi avtomobillar hali bekami-ko‘st emas. Ehtimol, hech qachon bunday bo‘lmas. Dunyodagi hech bir narcha kamchiliklardan xoli emas. Biroq men bu istiqbolli texnologiya kun kelib yo‘l-transport hodisalarini 10 barobar kamaytirishiga ishonaman. Ya’ni, baxtsiz hodisalar, fojia va yo‘qotishlar o‘n barobarga qisqaradi. Bu - ulkan farq», — deydi Elon Mask.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.