Eng yirik o‘raluvchan shaffof displey taqdim etildi

  •   DiMaX
  •  994
  •  23.06.2017 10:50

Eng yirik o‘raluvchan shaffof displey taqdim etildi

LG Display 22 iyun kuni, kompaniyaning ta’kidlashicha, dunyodagi eng katta qayishqoq shaffof displeyni namoyish etdi. Janubiy Koreyaning Savdo, sanoat va energetika vazirligi shafeligi ostidagi ushbu loyihaning amalga oshirilishiga naq 59 oy vaqt sarflandi. Bu to‘g‘rida mamlakatdagi YonhapNews agentligi xabar bermoqda.

Diagonali 77 dyuymga teng bo‘lgan ekran 3840 × 2160 pikselli (4K) o‘lchamga ega. Uning yorug‘likni o‘tkazish darajasi 40 foizni, qayisha olish radiusi esa 80 millimetrni tashkil etadi. Bunday panel turli sohalarda qo‘llanishi mumkin, masalan, raqamli tablolar, «aqlli» stollar, avtomobillardagi axborot-ko‘ngilochar tizimlar, akvariumlar, to‘ldirilgan reallik vositalari kabi.

LG Display’dan ma’lum qilishlaricha, dasturiy ta’minot ishlab chiquvchilar allaqachon yangi displeyga moslangan foydalanuvchi interfeysini yaratishgan. Biroq mazkur yangi qurilmaning bozorga qachon taqdim etilishi masalasi ochiq qolmoqda.

ZDNet nashrining ta’kidlashicha, LG Display bu kabi displeylarni yaratishda yetarlicha tajribaga ega. 2014 yili bu kompaniya 18 dyuymli qayishqoq OLED-panel, shuningdek, shaffof displey ham yaratgan edi. 2015 yilda esa 18 dyuymli, qayisha olish radiusi 30 millimetrni tashkil etuvchi «o‘raluvchan» ekran taqdim etilgan. 2016 yilga kelib esa LG Display yorug‘likning 40 foizini o‘tkazuvchi 55 dyuymli displey yaratgan.

Janubiy Koreya rahbariyati LG Display oldiga diagonali 60 dyuymdan katta bo‘lgan shaffof 4K-displeyni yaratish vazifasini qo‘ygan. Bu bilan ular texnologiyalar sohasida Xitoy va Tayvanni ortda qoldirishmoqchi.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!