Eng tezkor internetga ega mamlakat ma’lum qilindi

Eng tezkor internetga ega mamlakat ma’lum qilindi

Koreya Respublikasining veb-sayt, kontent va ilova yaratuvchilariga xizmat ko‘rsatuvchi Akamai Korea kompaniyasi dunyo mamlakatlarida internetga ulanish tezligi bo‘yicha reytingni e’lon qildi. Unga ko‘ra, reytingda yana Janubiy Koreya peshqadamlik qilmoqda. Bu haqda Technoworm.net nashri xabar qilmoqda.

2016 yilning 4-choragida Janubiy Koreyada internet protokolining 4-avlodi soniyasiga 26,1 Mbit hajmidagi ma’lumotni almashish imkonini bergan. Bu — 2015 yilning shu davridagi ko‘rsatkichdan 0.7% past bo‘lsa ham, tezlik bo‘yicha 2-o‘rinda turgan Norvegiyadagi internetdan tezroq. Norvegiyada internet tezligi soniyasiga 23,6 Mbit.ni tashkil qiladi. Navbatdagi o‘rinlarni Shvetsiya (22,8 Mbit/s), Gonkong (21,9) va Shveysariya (21,2) davlatlari egallagan.

AQShda esa internet tarmog‘ida soniyasiga 17,2 Mbit ma’lumot almashish mumkin.

Mobil internetga ulanish bo‘yicha, soniyasiga  26.8 Mbit bilan jahonda Buyuk Britaniya yetakchilik qilmoqda.

Tadqiqotda qayd etilishicha, 2016 yilning 4-choragida dunyo bo‘yicha internetga ulanishning o‘rtacha tezligi sekundiga 7 Mbitni tashkil etdi. Tezlik avvalgi chorakka nisbatan 26 foizga o‘sgan.