Yer yuzida har kuni qancha smartfon sotilishi ma’lum bo‘ldi

Yer yuzida har kuni qancha smartfon sotilishi ma’lum bo‘ldi

2016 yilning 2-moliyaviy choragi davrida jahon smartfon savdosi oldingi yilning shu davriga nisbatan sezilarli darajada kamaygan. Shunday bo‘lsa ham, mazkur davr ichida har kuni yer yuzida 3.5 million dona smartfon yetkazib berilgan.

Bu haqida Canalys va IDC xalqaro marketing va tadqiqot kompaniyalari nashr qilgan hisobotda qayd etilgan.
Aniqroq aytadigan bo‘lsak, IDC qayd etishicha bu 90 kun ichida 343.3 million dona, Canalys talqiniga ko‘ra 330 milliondan ziyod smartfon bozorga chiqarilgan. Ya’ni, mazkur chorakda 2015 yilning shu davridagidan 1 million dona kam mobil telefoni sotilgan.
Ma’lum qilinishicha, Samsung smarfton bozorining mutlaq yetakchisi sifatida 77-80 million dona “aqlli telefon” yetkazib bergan. Ularning aksariyatini Galaxy S7 turkumi gadjetlari tashkil etadi. Keyingi o‘ringa muxlislariga 40 million dona ayfon yetkazib bergan Apple da’vogarlik qilmoqda. Bu “Olma”chi kompaniya tarixidagi yomon ko‘rsatkichlardan biri bo‘lib, 21 martda e’lon qilingan iPhone SE kompaniya ishonchini oqlamadi.
Kuchli uchlik shohsupasidan Xitoyning Huawei kompaniyasi 30 million dona telefon yetkazib bergani evaziga o‘rin olgan. Undan keyingi 2 o‘rin ham uning vatandoshlari — Oppo va Vivo (16 million dona smartfon) kompaniyalariga nasib qilgan. Bu yosh kompaniyalarning gadjetlari qisqa fursat ichida nafaqat Xitoyda, shuningdek Osiyo mintaqasida ham ommalashib ulgurdi.
Smartfon bozorining qolgan vakillarining ko‘rsatkichi bularnikidan yarim barobarga past.
Har ikkala tahlilchi kompaniyalar II chorak Apple uchun “og‘ir” kelganini qayd etganlar. Shu bilan birga, tahlilchilar navbatdagi ilg‘or ayfonlar kompaniyaning nufuzini qisqa fursatda tiklashini aytmoqdalar.