"Face ID"ga ega ilk android -- Vivo X20 taqdim qilindi

Bu devayslar to‘g‘risida ko‘p narsa ma’lum bo‘lgan edi. Xitoyning Vivo kompaniyasi 21 sentyabrda Pekinda taqdim qilgan Vivo X20 va X20 Plus smartfon modellari kuchli jihat, jozibador dizaynga ega bo‘lgan.

Smartfonlar ko‘rinishidanoq hashamdorlik kasb etgan va bugungi tendensiyasini hisobga olib, tomonlar nisbati 18:9 sm.ga teng bo‘lgan va ularga romdan xoli ekran o‘rnatilgan. Ekran old panelning 85,3% qismini egallab olgan.

Vivo X20 smartfonining asosiy jihati -- yuz-qiyofani tanish qobiliyatidir. Ya’ni, xitoylik muhandislar iPhone X flagmanida joriy qilingan Face ID texnologiyasining muqobilini ishlab chiqarishgan. Endi ayfondan ancha-muncha arzon bo‘lgan bu smartfonni ham foydalanuvchi o‘z qiyofasi yordamida blokirovkadan chiqarishi mumkin. Aynan Face ID yangi ayfondagi yagona innovatsion jihat ekanini hisobga olsak, Vivo X20 uning savdosiga yaxshigina ta’sir o‘tkazishi mumkin.

X20 modeli 6,01 dyuymli, Super AMOLED matritsali, sig‘imi 2K (2160 ga 1080 pikselli) ekran, 8 yadroli Qualcomm Snapdragon 660 protsessori, ilg‘or AK4376A Hi-Fi audiochipi, 4 GB operativ hamda 64/128 GB doimiy xotiraga ega bo‘lgan.

Kamera borasida ham Vivo X20 ancha peshqadam. Jumladan uning qo‘sh sensorli bosh kamerasi 12 va 5 megapikselli modullar bilan ta’minlangan. Shuningdek, old kamera ham 12 Mp.

Devays akkumulyatorining sig‘imi 3245 mA soat.

Shuningdek, gadjetda Bluetooth 5 hamda 2 diapazonli WiFi, barmoq izlari skaneri mavjud. Smartfon Android 7.1.1'ning o‘zlashtirilgan FunTouch OS 3.0 talqinida ishlaydi.

X20 Plus esa bir oz kattaroq -- 6,43 dyuymli, 2K SuperAMOLED ekran bilan taxminlangan. Unga Snapdragon 660 chipi, 4 GB tezkor va 64/128 GB doimiy xotira, (microSD yordamida 256 gigabaytgacha kengaytirish mumkin), ES9318 DAC raqamli ovoz uzatkichi, sig‘imi 3905 mA soat bo‘lgan batareya o‘rnatilgan.

X20 Plus kamerasi "egizagi"niki bilan bir xil, faqat optik barqarorlashtirish tizimiga ega.

Aksariyat insayderlarning fikricha, smartfon o‘rta narxli bo‘lishi barobarida, bozorda flagmanlarga qarshi raqobatga kirishadi. Vivo X20'ning 4 + 64 GB talqini $455, 128 GB talqini $515 dollardan, shuningdek "Plus" talqin $530 dollardan sotuvga chiqariladi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!