Facebook Messenger Lite rasman taqdim etildi

  •   DiMaX
  •  1168
  •  29.04.2017 10:12

Facebook Messenger Lite rasman taqdim etildi

Messenger Lite bu – Android uchun Facebook chat ilovasi bo‘lib, u faqat bazaviy funksiyalarga ega, juda kam resurs talab qiladi va juda tez ishlaydi.

Keyingi vaqtlarda Facebook kompaniyasi o‘z messenjerini takomillashtirishga ko‘p kuch sarfladi. Unda o‘yinlar, botlar, intellektual assistent, munosabat bildirish va «dislayk», guruhli video-qo‘ng‘iroqlar va hokazolar paydo bo‘ldi. Bularning barchasi esa xabarlar yozishadigan oddiy servisni ko‘p funksiyali gigant ilovaga aylantirdi. Tabiiyki, mazkur imkoniyatlariga yarasha, Facebook Messenger smartfonda ko‘p resurs talab qiladigan bo‘lib bormoqda.

Ammo bu kabi qo‘shimcha funksiyalar barcha foydalanuvchilarga ham kerak emas. Ayrimlarga esa shunchaki faqat messenjerning o‘zi kerak. Facebook aynan shular uchun Messenger Lite ilovasini taqdim etdi.

Messenger Lite’ning ilk versiyasi yaratilganiga bir yarim yildan oshiq vaqt bo‘ldi, u faqat oltitagina mamlakatda ishlatilar edi. Avvaliga Facebook’dagilar, bu ilova internetga ulanish va uning tezligi muammoli bo‘lgan hududlarda ko‘proq ommalashadi, deb o‘ylashgandi.

Ammo endi kompaniya Messenger Lite’ning geografiyasini kengaytirishga qaror qildi. Endilikda bu ilova yana 132 mamlakatda, jumladan, O‘zbekistonda ham ishlamoqda.

Messenger Lite qurilma resurslaridan foydalanishni va uzatiladigan ma’lumotlar hajmini maksimal darajada kamaytirish maqsadida yaratilgan. Unda faqat eng asosiy: matnli xabarlar yozishish, rasmlar, stikerlar va havolalar uzatish funksiyalari mavjud. Agarda sizga messenjerning shulardan boshqa funksiyalari kerak bo‘lmasa, mana shu ilovani sinab ko‘rishingizni tavsiya etamiz. Uni mana bu havola orqali yuklab olib o‘rnatasiz.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!